
Qatarning «Laxviya» jamoasiga qarshi OChL guruh bosqichi o`yinidan so`ng «Paxtakor» bosh murabbiyi jamoada g`oliblik ruhi etishmayotgani haqida fikr bildirdi.
Ma`lumot uchun, 9 aprel, seshanba kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida o`tkazilgan «Paxtakor» – «Laxviya» uchrashuvi 2:2 hisobidagi durang natija bilan yakuniga etdi.
«O`yin uchun futbolchilarimizga minnatdorlik bildiraman. Ular bugun bor kuchlari bilan harakat qilishdi. O`yin boshida jiddiy xatoga yo`l qo`ydik, biroq shunday vaziyatga ham tayyorgarlik ko`rgandik, o`yin davomida yigitlar o`z o`yinlarini topib olishdi. Ha, haqiqatan ham ruhiy beqarorlik bizga xalal bermoqda, yigitlarimiz hal qiluvchi pallada diqqatni yo`qotib qo`yishyapti», - dedi «Paxtakor» bosh murabbiyi.
«Jamoa futbolchilarining jismoniy holati yomon emas, deb o`ylayman. Futbolchilar o`yinlar o`tgani sayin o`z formalarini maksimal darajaga chiqarib borishadi. Ha, himoyada biroz kamchiliklar bor, masalan, Ismatullaev va Kozak o`z nuqtasida o`ynamayapti. Merzlyakovda esa, ruhiyat bilan bog`liq muammo sabab bo`lsa kerak, qo`rqib o`ynayotgandek. Kelasi o`yinlarga Ilhom Suyunovni tayyorlashga harakat qilamiz», - deya qo`shimcha qildi «Paxtakor» bosh murabbiyi Murod Ismoilov.
«V» guruhi doirasidagi navbatdagi tur uchrashuvlari 24 aprel, chorshanba kuni o`tkaziladi. Shu kuni «Paxtakor» safarda Saudiya Arabistonining «Al-Ittifoq» jamoasiga qarshi to`p suradi.