Erik Gerets: «Natija o`yinga mos bo`ldi»

«Laxviya» bosh murabbiyi Erik Geretsning fikricha, musobaqa keyingi bosqichiga, «Laxviya» bilan birga, «Paxtakor» chiqadi.

Ma`lumot uchun, 9 aprel, seshanba kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida o`tkazilgan «Paxtakor» – «Laxviya» uchrashuvi 2:2 hisobidagi durang natija bilan yakuniga etdi. Ushbu natijadan so`ng «Laxviya» 8 ochko bilan «V» guruhida peshqadamlik qilayotgan bo`lsa, «Paxtakor» Qatar jamoasidan bir ochko kam jamg`argan. 3-o`rindagi «Shabob» hisobida hozircha 3 ochko bor va bu jamoa bitta kam o`yin o`tkazgan.

«Toshkentdagi o`yinda qayd etilgan natijadan qoniqish hosil qildim, natija o`yinga mos bo`ldi, deb o`ylayman. Agar biz birinchi bo`limda erta himoyaga o`tib olmasdan, yuzaga kelgan imkoniyatlardan foydalana olganimizda, uyga g`alaba bilan qaytgan bo`lardik. «Paxtakor» esa bugungi o`yini bilan hurmatga loyiqligini namoyish etdi», - dedi belgiyalik mutaxassis.

«Oldinda «Paxtakor»ni ham, «Laxviya»ni ham ikkitadan o`yin kutib turibdi, har ikkala jamoa orasidagi ochkolar farqi esa atigi bittaga teng. Agar biz ham, «Paxtakor» ham navbatdagi o`yinlarda ijobiy natijalarga erisha olsa, nimchorak finalga aynan shu ikki jamoa yo`l oladi», - deya qo`shimcha qildi «Laxviya» bosh murabbiyi Erik Gerets.

«V» guruhi doirasidagi navbatdagi tur uchrashuvlari 24 aprel, chorshanba kuni o`tkaziladi. Shu kuni «Paxtakor» safarda Saudiya Arabistonining «Al-Ittifoq» jamoasiga qarshi to`p sursa, «Laxviya» Dubayda «Ash-Shabob» mehmoni bo`ladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb