
Osiyo Chempionlar Ligasi «V» guruhi 4-tur bahslari doirasida «Paxtakor» o`z maydonida Qatarning «Laxviya» jamoasini qabul qilib, 2:2 hisobida durang o`ynadi. Bir hafta avval Dohada o`tkazilgan dastlabki o`yinda Toshkent klubi 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergandi.
Uchrashuvda hisob 1-daqiqadayoq ochildi. Maydon markazidan o`yinni boshlagan Erik Gerets shogirdlarining birinchi hujumiyoq Lobanov darvozasining ishg`ol etilishi bilan yakunlandi – o`ng qanotdan etkazib berilgan to`pni «Laxviya» hujumchisi Sebastyan Soriya golga aylantirdi. Qayd etish joiz, bu Qatar terma jamoasining asli urugvaylik hujumchisi tomonidan so`nggi ikki o`yinda «Paxtakor» darvozasiga urilgan uchinchi gol bo`ldi.
Dastlabki daqiqadayoq o`z darvozasidan gol olib chiqqaniga qaramay, «Paxtakor» o`yin davomida nafaqat maydondagi tashabbusni, balki hisobdagi ustunlikni ham o`z tomoniga og`dirishga muvaffaq bo`ldi. Dastlab, Dohadagi o`yinda ham uzoq masofadan urgan goli bilan muxlislar e`tiboriga tushgan G`ulom O`runov 25-daqiqada havodan kelayotgan to`pni to`xtatmay Klod Amin darvozasiga joylab qo`ygan bo`lsa, tanaffusdan so`ng, «Paxtakor» amalga oshirgan standart vaziyatdan so`ng «Laxviya» himoyachisi Dame Traore to`pni o`z darvozasiga kiritib qo`ydi.
Baxtga qarshi, guruhda peshqadamlikni qaytarib berishi mumkin bo`lgan g`alabani Murod Ismoilov shogirdlari saqlab qola olishmadi. 68-daqiqada Yusuf Msakni «Laxviya»ni mag`lubiyatdan qutqarib qolgan gol muallifiga aylandi. Ushbu gol o`yindagi so`nggisi bo`lib qoldi va jamoalar bir ochkodan bo`lishib olishdi. Guruhdagi ikkinchi o`yin – Saudiya Arabistonining «Al-Ittifoq» hamda BAAning «Ash-Shabob» jamoalari o`rtasidagi o`yin 9 aprel, seshanba kuni Toshkent vaqti bilan 22:00da boshlanadi.
«V» guruhi doirasidagi navbatdagi tur uchrashuvlari 24 aprel, chorshanba kuni o`tkaziladi. Shu kuni «Paxtakor» safarda Saudiya Arabistonining «Al-Ittifoq» jamoasiga qarshi to`p suradi.
OChL-2013, «V» guruhi, 4-tur uchrashuvi
9 aprel, seshanba
«Paxtakor» (O`zbekiston) – «Laxviya» (Qatar) 2:2 (1:1)
Gollar: G`ulom O`runov (25) – Soriya (1), Dame Traore (55, avtogol), Yusuf Msakni (68).
Ogohlantirishlar: Kaxi Maxaradze (65), Davronbek Hoshimov (76) – Dame Traore (47), Nam Tae Xi (80), Husayn Ali (87).
«Paxtakor»: Aleksandr Lobanov, G`ulom O`runov, Akbar Ismatullaev, Kaxi Maxaradze, Temurxo`ja Abduxoliqov, Jora Oganesyan (Murod Xolmuhamedov, 90), Jamshid Iskandarov, Aleksandr Merzlyakov, Davronbek Hoshimov, Vladimir Kozak, Oybek Qilichev (Igor Sergeev, 73).
«Laxviya»: Klod Amin, Dame Traore, Karim Budiaf, Kingambo Tresor (Muhammad Musa, 87), Ahmad Yosir, Sebastyan Soriya, Majid Bugerra, Nam Tae Xi (Odil Lami, 80), Yusuf Msakni, Luiz Martin (Husayn Ali, 80), Issiar Dia.
Bosh hakam: Tan Xai (Xitoy).