
Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichi 4-turi doirasidagi «Paxtakor» – «Laxviya» o`yinidan bir kun oldin har ikkala klub bosh murabbiylari va bitta futbolchi ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Matbuot anjumanining ikkinchi qismida «Paxtakor» ustozi Murod Ismoilov va Vladimir Kozak qatnashishdi.
«Guruhda qiziqarli vaziyat yuzaga kelgan. O`z uyimizda g`alaba uchun maydonga tushamiz. Jamoa o`yinga o`z rejasiga ko`ra tayyorgarlik ko`rdi. «Laxviya»ning hujumchilari kuchli. Himoyada esa ikkinchi qavatda kuchli va klassga o`ynaydigan futbolchilar jamlanishgan. Aslida qatarliklarda ko`p imkon bo`ldi deb ayta olmayman. Ammo saviyadagi ustunlik evaziga ular g`alaba qozonib ketishdi. Bu jamoani tarixi bor va shunga monand kuchli murabbiyga ega. Ammo biz qo`rqmaymiz. Alohida bir futbolchiga bog`lanib o`ynamaymiz. Dohadagi o`yinning ikkinchi bo`limida ko`rsatgan o`yinimizni qilsak, ularga etarlicha qarshilik ko`rsata olamiz», - dedi Murod Ismoilov.
«Dohadagi o`yinni barchangiz ko`rgan bo`lsangiz kerak. «Paxtakor»da muxlislarimizni xursand qilish uchun maydonga tushamiz. «Laxviya»ga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko`rdik va jamoadoshlarim ertangi o`yinning ahamiyatini yaxshi tushunib turishibdi. Laxviya»ning ikkita himoyachisi rostan ham kuchli. Havolatib to`p uzatib bo`lmas ekan. Shuning uchun pas bilan o`ynashni mashq qilayapmiz», - dedi «Paxtakor» yarim himoyachisi Vladimir Kozak.
«Jamshid Iskandarov, bo`y-basti kichik bo`lishiga qaramasdan, o`yin tizginini qo`lga olishga harakat qildi. U o`sishda davom etishi kerak, buning uchun o`z ustida ishlashi kerak. Agar jamoadoshlari u bilan o`ynasalar va u atrofidagi jamodoshlaridan ko`p narsani o`rganib olsa, yanada yaxshi natijalarga erisha oladi», - dedi Murod Ismoilov.
«Ijaraga berilgan Egor Krimets va Sherzod Karimovning «Paxtakor»ga qaytishini albatta istardim. Men Odilni ham qaytishini xohlardim. To`g`ri aytdingiz, shunday saviyadagi musobaqalarda qatnashish uchun yaxshi tarkibga ega bo`lishimiz kerak. Yuqoridagi o`yinchilarni ijaraga berishga majbur bo`lganmiz. Shunga qaramay, bu vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilamiz. Agar hozirgi tarkibimizga ham ikki yil tegishmasa, OChL finaliga chiqishimiz mumkin. Ammo sharoit tufayli biz har yili yo`qotishlarga duch kelayapmiz», - deya qo`shimcha qildi «Paxtakor» bosh murabbiyi.
Eslatib o`tamiz, uchrashuv 9 aprel, seshanba kuni «Paxtakor» stadionida o`tkaziladi. «Paxtakor» va «Laxviya» o`rtasidagi o`yin 16:00da boshlanadi.
Xabar «Paxtakor» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.