Erik Gerets: «Futbol 90 daqiqa o`ynaladi»

Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi 4-turi doirasidagi «Paxtakor» – «Laxviya» o`yinidan bir kun oldin har ikkala klub bosh murabbiylari va bitta futbolchi ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Dastlab mehmonlar ustozi Erik Gerets va hujumchi Tresor Kangambu o`yinoldi fikrlari bilan o`rtoqlashishdi.

«Paxtakor» biz uchun qiyin raqib. Shunday bo`lsa-da, uyimizda g`alaba qozona oldik va bundan xursand bo`ldik. Toshkentdan esa ochko olib ketishni maqsad qilganmiz. To`g`ri, biz uyimizda so`nggi daqiqalarda g`alabani qo`lga kiritdik. Futbol 90 daqiqa o`ynalishini inobatga olsak, har bir daqiqada maydonda kurash olib borilishi kerak. Shunday ekan, men hammasidan qoniqish hosil qildim», - dedi Erik Gerets.

«Dohadagi o`yinda «Paxtakor» tarkibida Jamshid Iskandarov yaxshi harakat qildi. Ammo unga qarshi o`ynagan bizni o`yinchimiz o`ziga yuklatilgan vazifani yaxshi bajardi. Bu erda ham shunday o`ynamoqchimiz. OChL va Qatar yulduzlar ligasi – boshqa-boshqa musobaqalar. Chempionatga bepisand qaramaslik kerak, chunki OChLga chempionat orqali chiqiladi. OChLdagi maqsadimiz – guruhdan chiqish, buning uchun yaxshi imkoniyatga egamiz», - deya qo`shimcha qildi «Laxviya» bosh murabbiyi.

«Paxtakor» kuchli va katta jamoa. «Paxtakor» mag`lubiyatga uchragan bo`lsa-da, Qatarda yaxshi harakat qilgandi. Ertaga endi ular mezbon rolida, ammo biz g`alaba uchun maydonga tushamiz», - dedi «Laxviya» hujumchisi Tresor Kangambu.

Eslatib o`tamiz, uchrashuv 9 aprel, seshanba kuni «Paxtakor» stadionida o`tkaziladi. «Paxtakor» va «Laxviya» o`rtasidagi o`yin 16:00da boshlanadi.

Xabar «Paxtakor» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb