
Toshkentning «Bunyodkor» klubi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov guruhdagi vaziyat juda chigallashib qolganini, ammo kelasi uchrashuvlarda o`z shogirdlarining yaxshi o`yin ko`rsata olishiga ishonishini alohida qayd etib o`tdi.
«Tezkor gol urib olish rejamiz bor edi, ammo bu maqsadimizga erisha olmadik. Raqib kuchsiz jamoa emas. Buni bugungi o`yinda barchamiz ko`rdik. Bugungi o`yindagi xato va kamchiliklarimizni kelasi safar takrorlamaslikka harakat qilamiz», - deydi Qosimov.
«Bizning uy uchrashuvlarimiz uchun «Bunyodkor» stadioni tasdiqlangan paytda, maydon holati haqida xabardor emasdik», deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» bosh murabbiyi. «Bunday maydonda o`ynash juda qiyin. Aynan shuning uchun ham, bugun juda oddiy vaziyatlarda to`pni ko`p yo`qotdik. Ammo, bu futbol. Har qanday holatda ham g`alaba qozonish kerak. Bugun buni uddalay olmadik. Shogirdlarim bugun gol urishni juda xohlashgandi. Shuning uchun bo`lsa kerak, ko`p vaziyatlarda shoshib qolishdi. Umuman olganda bugun yomon o`ynamadik. Safar o`yinida ham bizda imkoniyatlar etarli bo`ladi», - deydi Mirjalol Qosimov.