
Xitoyning «Beyjing Guoan» jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Stanoevich «Bunyodkor»ga qarshi o`yinda durang adolatli natija bo`lganini ta`kidladi.
«Bugungi maydon holati har ikkala jamoa uchun erkin o`ynash imkonini bermadi. «Bunyodkor»da ham, bizda ham imkoniyatlar bo`ldi, ammo ulardan foydalanish qiyinchilik tug`dirdi. Maydon judayam yumshoq edi. Bunday vaziyatda tezkor o`yin namoyish etib bo`lmaydi. Umuman olganda, durang bugungi o`yin uchun adolatli natija bo`ldi», - deydi Stanoevich.
«Egor Krimets bugun jamoam safida eng yaxshi o`yin namoyish etgan futbolchilardan biri bo`ldi», deya qo`shimcha qildi xitoy jamoasi bosh murabbiyi. «Ammo, o`yin amaliyoti etarli darajada emasligi uchun uni bugun faqat himoyada o`ynatishga majbur bo`ldik. Krimets standart vaziyatlarda yaxshi o`yin namoyish etishini bilardik. Bugun u faqat himoyada o`ynadi, standart vaziyatlarda raqib jarima maydoniga bormasligini uqtirgandim, sababi uni toliqtirib qo`yishni istamadim».
«Kelasi haftada «Bunyodkor»ni o`z maydonimizda qabul qilamiz va o`ylaymanki o`sha uchrashuvda bizda imkoniyat ko`proq bo`ladi. Safimizga Frederi Kanute qo`shiladi, qolaversa, bizni fantastik tarzda qo`llab-quvvatlab turuvchi muxlislarimiz bor. Ularning ko`z o`ngida boshqacha o`yin ko`rsatishga harakat qilamiz. Ammo, biz «Bunyodkor»ning safar uchrashuvlarida yaxshi o`yin namoyish etishin bilamiz va ehtiyotkorlikkni yo`qotmaymiz», - deydi Aleksandr Stanoevich.