Mirjalol Qosimov: «G`alabani ushlab qola olmadik»

Janubiy Koreyaning «Poxang Stilerz» jamoasi bosh murabbiyi Xvang Sun-Xong jamoasi ko`rsatgan o`yindan faxrlanishini aytib, g`alabani ushlab qolishda shogirdlariga biroz tajriba etishmaganini tan oldi.

«Bugun biz mehmonda o`ynadik, shu boisdan ham bir ochkoning qadr-qimmati ham baland. Men o`z shogirdlarim bilan faxrlanaman. Jamoamiz tezkor futbol ko`rsatishni ma`qul ko`radi, mashg`ulotlarda ham xuddi shu jihatga asosiy urg`uni qaratamiz. Bugun bu o`z samarasini berdi», - dedi Xvang Sun-Xong.

«Afsuski so`nggi daqiqalardagi e`tiborsizlik natijasida g`alabani qo`ldan chiqardik. O`ylashimcha, bu tajribasizlik bilan bog`liq. Shuningdek, o`sha vaziyatda himoyachimiz orqa chiziq haqida bosh qotirishi kerak edi. Biroq u oldinga o`tib ketib qoldi. Ha, biz «Beyjing» va «Bunyodkor»ga qarshi o`yin o`tkazdik, unisi bunisidan kuchli demagan bo`lardim, ularning ikkisi ham yaxshi jamoalardir. Guruhimizdagi barcha jamoaning pley-offga chiqish imkoniyati bor», - dedi «Poxang Stilerz» bosh murabbiyi.

«Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov esa shogirdlari haqiqiy professionallar ekanligini ta`kidlab, «Poxang»ga qarshi o`yinda ular xarakter ko`rsata olganini alohida qayd etib o`tdi.

«Juda qiziqarli va ehtiroslarga boy uchrashuv bo`ldi. Kechagi matbuot anjumanida aytib o`tgandim, biz qandaydir futbolchilarga emas, balki «Poxang Stilerz»ga qarshi o`ynaymiz deb. Ikkinchi taym o`rtalarida o`yinimizda bo`shashish kuzatildi. Hammasi o`z qo`limizda edi, biroq g`alabani ushlab qololmadik. Shogirdlarim namoyish etishgan xarakter evaziga so`nggi daqiqalarda mag`lubiyatdan qutilib qoldik», - dedi Mirjalol Qosimov.

«Bizning jamoada xaqiqiy professionallar yig`ilgan. Shunday ekan «So`g`diyona» yoki «Poxang Stilerz»ga qarshi o`ynashning farqi yo`q. O`yindan keyin hakamlar haqida gapirish befoyda. Ular ham inson va xato qilishi mumkin. O`yin boshlarida burchakdan tepgan to`pimiz gol bo`lganga o`xshadi. Biroq yanada aniqroq tahlil uchun uchrashuv videotasmasini qayta ko`rib chiqish kerak. Bizga urilgan birinchi golda esa Fozil Musaevni turtib yuborishdi. Biroq endi bularni o`zgartirib bo`lmaydi», - dedi «Bunyodkor» ustozi.

«Oldimizga qo`yilgan vazifani uddalash uchun faqat oldinga intilishda davom etamiz», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.

Eslatib o`tamiz, «Bunyodkor» va «Poxang Stilerz» o`rtasidagi o`yin 2:2 hisobidagi durang natija bilan yakuniga etdi. Ushbu durangga qaramasdan, Qosimov shogirdlari «G» guruhida peshqadamlikni davom ettirishmoqda.

Xabar «Bunyodkor» matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb