«Bunyodkor» Toshkentda «Poxang» bilan durang o`ynadi

Toshkentning «Bunyodkor» klubi Osiyo Chempionlar ligasidagi ikkinchi o`yinida o`z maydonida Janubiy Koreya jamoasi bilan durang o`ynadi.

13 mart, chorshanba kuni Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi doirasidagi navbatdagi o`yinlar o`tkazildi. Jumladan, «G» guruhi doirasida Toshkentning «Bunyodkor» klubi o`z maydonida Janubiy Koreyaning «Poxang Stilerz» jamoasini qabul qildi. Qayd etish joiz, har ikkala jamoa ham musobaqani ikki xil boshlagandi – «Bunyodkor» 1-turda Yaponiya chempioni «Sanfrechche Xirosima»ni safarda mag`lub etgan bo`lsa, «Poxang» o`z maydonida Xitoyning «Beyjing Guoan» klubi bilan golsiz durang o`ynagan edi.

Janubiy Koreya klubi Toshkentga asosiy tarkib futbolchilarisiz, bor-yo`g`i 17 nafar futbolchi bilan kelganiga qaramay, «Bunyodkor»ga qarshi chiroyli o`yin ko`rsatdi. Buning samarasi o`laroq, hisobni «Bunyodkor» birinchi ochganiga qaramay, o`yin oxirida mag`lubiyatdan qutulib qolish uchun bor choralarni ishga solishga majbur bo`ldi.

Uchrashuvda hisob 15-daqiqada, «Bunyodkor»ning ukrainalik to`purari Aleksandr Pishurning individual harakatlari natijasida ochildi. Shundan so`ng, «Bunyodkor» har qancha urinmasin, hisobdagi ustunlikni mustahkamlay olmadi. Aksincha, ikkinchi bo`limning qandaydir etti daqiqasi ichida «Poxang» hisobda oldinga chiqib oldi – 60-daqiqada yarim himoyachi Li Myong Ju koreys jamoasining OChL-2013dagi birinchi golini urib, hisobni tenglashtirgan bo`lsa, Li Kvangkun jamoasini hisobda oldinga olib chiqqan gol muallifiga aylandi.

«Bunyodkor» so`nggi daqiqalarda kiritilgan gol evaziga o`z maydonidagi mag`lubiyatdan qutulib qoldi – chap qanot yarim himoyachisi Jasur Hasanovning qanotdan yo`llagan kuchli zarbasi yo`l-yo`lakay hujumchi Kamoliddin Murzoevga tegib, Da Sol darvozasidan o`rin oldi. Shundan so`ng, to`p maydon markazidan o`yinga kiritilishi bilan uchrashuv bosh hakami, eronlik Alirizo Fag`oniy final xushtagini chaldi.

Guruhning ikkinchi o`yinida «Beyjing Guoan» o`z maydonida Yaponiyaning «Sanfrechche Xirosima» klubini 2:1 hisobida mag`lubiyatga uchratdi. Shunday qilib, 2-turdan so`ng «Bunyodkor» va «Beyjing» hisobida 4tadan ochko bor, faqat to`plar nisbatidagi ijobiy ko`rsatkich evaziga Toshkent jamoasi «G» guruhida peshqadamlik qilmoqda.

3-turda «Poxang Stilerz» Yaponiyaga safar qilib, «Sanfrechche Xirosima» mehmoni bo`ladi. «Bunyodkor» esa Xitoyning «Beyjing Guoan» klubini qabul qiladi. O`yin 2 aprel kuni Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida o`tkaziladi.

OChL-2013, «G» guruhi, 2-tur uchrashuvi
13 mart, chorshanba
«Bunyodkor» (O`zbekiston) – «Poxang Stilerz» (Janubiy Koreya) 2:2 (1:0)
Hakamlar:
Alirizo Fag`oniy (Eron), Hasan Kamronifar (Eron), Rizo Suhandon (Eron), Ashkan Xurshidiy (Eron).
«Bunyodkor»: Ignatiy Nesterov, Akmal Shorahmedov, Xayrulla Karimov, Marko Blajich (Alibobo Rahmatullaev, 62), Javlon Ibrohimov, Aleksandr Pishchur, Lutfulla To`raev, Artyom Filiposyan, Fozil Musaev (Kamoliddin Murzoev, 67), Jasur Hasanov, Sahob Jo`raev (Oleg Zoteev, 76).
«Poxang Stilerz»: Da Sol, Jin Xo, Bae Chun Suk (Chan Xi, 88), Dae Xo, Xong Yun, Jun Sung, Byong Jun (Kim Jun Su, 55), Kim Syong Dae, Park Sun Ju, Li Myong Ju, Li Kvangkun (Mun Chang Jin, 72).
Gollar: Aleksandr Pishchur (15), Kamoliddin Murzoev (90+4) – Li Myong Ju (60), Li Kvangkun (67).
Ogohlantirishlar: Li Kvangkun (67), Dae Xo (70), Xong Yun (75).
Toshkent, «Jar» stadioni. 5000 tomoshabin.

mib
uzcard
cola
apex
bmb