
«Paxtakor» bosh murabbiyi Murod Ismoilov «Ash-Shabob» uning jamoasidan ko`ra yaxshiroq o`yin ko`rsatganini tan olib, eng muhimi – vazifa uddalanganini qayd etib o`tdi.
«Bugungi oqshomdagi g`alabamizdan haqiqatan ham juda baxtiyorman, chunki «Ash-Shabob»dek kuchli jamoaga qarshi biz juda og`ir o`yin o`tkazdik. Raqibimiz bugun juda ham yaxshi o`yin namoyish etdi, ba`zi vaziyatlarda raqiblarimiz bizdan ko`ra yaxshiroq harakat qilishdi. Men xatoga yo`l qo`ygan vaziyatlarimiz haqida shogirdlarimga albatta tushuntiraman», - dedi Murod Ismoilov.
«Bugun «Paxtakor» g`alaba qozonganiga qaramay, «Ash-Shabob» yaxshiroq o`yin ko`rsatdi. Ammo, eng muhimi – safardagi o`yindan uch ochko bilan qaytyapmiz. Biz hozir olti ochko bilan guruh peshqadami bo`lib turibmiz, bu esa kelasi o`yin arafasida bizga katta rag`bat beradi», - deya qo`shimcha qildi «Paxtakor» bosh murabbiyi.
«Ash-Shabob» bosh murabbiyi Markos Paketa futbol ba`zan adolatsiz bo`lishi mumkinligi haqida fikrlar bildirib o`tdi.
«Bugun bizga omad kulib boqmadi. Biz musobaqada ikkinchi marta yaxshi o`yin ko`rsatganimiz holda, uch ochkoni qo`ldan boy chiqaryapmiz. Jamoamiz ko`rsatgan o`yin va futbolchilarimizning intilishlari meni qoniqtirdi, biroq o`yinni boy berganimizdan xafsalam pir bo`ldi», - dedi «Shabob»ning braziliyalik ustozi Markos Paketa.
«Bugungi mag`lubiyatga qaramay, oldinda bizni hali to`rtta o`yin kutib turibdi va biz hammasini o`rniga tushirishimiz mumkin. Futbol ba`zan mana shunday adolatsiz ham bo`lishi mumkin, yaxshi o`yin ko`rsatib, tashabbusga erisha turib, gol ura olmaysan va bugungidek uch ochkoni qo`ldan chiqarasan», - deya qo`shimcha qildi braziliyalik mutaxassis.
Eslatib o`tamiz, OChL-2013 «V» guruhi 2-turidan o`rin olgan «Ash-Shabob» - «Paxtakor» o`yini Toshkent klubining 1:0 hisobidagi g`alabasi bilan yakuniga etdi. G`alaba to`pi yosh yarim himoyachi Jamshid Iskandarov hisobiga yozildi. «Laxviya» (Qatar) va «Al-Ittifoq» (Saudiya Arabistoni) o`rtasidagi guruhning ikkinchi o`yinida hisob ochilmadi – 0:0. Shunday qilib, «Paxtakor» 6 ochko bilan guruh peshqadamiga aylandi. Murod Ismoilov shogirdlari navbatdagi o`yinni 3 aprel kuni safarda «Lavxiya»ga qarshi o`tkazishadi.