«Paxtakor» safarda «Ash-Shabob»ni mag`lub etdi

Toshkentning «Paxtakor» klubi BAAning «Ash-Shabob» jamoasiga qarshi OChL guruh bosqichi safar uchrashuvida g`alaba qozonib, guruhdagi mavqeini mustahkamlab oldi.

12 mart kuni Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichida 2-tur bahslari start oldi. «V» guruhida ishtirok etayotgan amaldagi O`zbekiston chempioni, Toshkentning «Paxtakor» klubi Dubayda «Ash-Shabob» klubi mehmoni bo`ldi. Musobaqaning 1-tur uchrashuvida BAA klubi Qatar chempioni «Laxviya»ga safarda 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan bo`lsa, «Paxtakor» o`z maydonida Temurxo`ja Abduxoliqovning yagona goli evaziga Saudiya Arabistonining «Al-Ittifoq» klubi ustidan g`alaba qozongan edi.

«Ash-Shabob» va «Paxtakor» o`rtasidagi o`yin asosan maydon egalari hujumlari ostida o`tdi, Murod Ismoilov shogirdlari ko`proq e`tiborni qarshi hujumga qaratgan holda to`p surishdi. «Paxtakor»ning ushbu taktikasi birinchi bo`limda qisman o`z samarasini berdi – «Ash-Shabob» nisbatan tashabbusga erishgani holda, Aleksandr Lobanov darvozasiga yo`l topa olmadi. O`z navbatida, «Paxtakor» ham qarshi hujumlardan foydalana olmadi.

Ikkinchi bo`limda ham deyarli shu manzara takrorlandi. Maydonga hujumchi Temurxo`ja Abduxoliqovning maydonga tushishi «Paxtakor» qarshi hujumlarining o`tkirligini oshirdi, aynan ushbu futbolchi «Paxtakor»ga g`alaba keltirgan golda faol ishtirok etdi. Uchrashuvning 85-daqiqasida aynan Abduxoliqov boshlagan hujum, samarali yakunlandi: Abduxoliqovning «Shabob» darvozasiga yo`llagan zarbasi raqib himoyachilariga tegib, yo`nalishini o`zgartirdi, to`pga tashlangan Igor Sergeev esa uni yarim himoyachi Jamshid Iskandarov qulay tarzda etkazib berdi – O`zbekiston yoshlar terma jamoasi etakchilaridan biri yakuniy zarbani berishda adashmadi.

1:0 hisobi o`yin oxirigacha o`zgarmadi. «Paxtakor» ochkolari sonini 6taga etkazib, «V» guruhi peshqadamlaridan biriga aylandi. Guruhning ikkinchi – «Al-Ittifoq» va «Laxviya» jamoalari o`rtasidagi o`yini 12 mart kuni o`tkaziladi.

Qayd etish joiz, O`zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Azizbek Haydarov butun o`yin davomida «Paxtakor»ga qarshi to`p surdi, bir necha bor Aleksandr Lobanov darvozasi tomon xavfli zarbalar yo`lladi.

«Paxtakor» OChL-2013 «V» guruhidagi navbatdagi o`yinni 3 aprel kuni «Laxviya» jamoasiga qarshi o`tkazadi. Uchrashuv Qatarda o`tkaziladi. Xuddi shu kuni «Ash-Shabob» o`z maydonida «Al-Ittifoq»ni qabul qiladi.

OChL-2013, «V» guruhi, 2-tur uchrashuvi
12 mart, seshanba
«Ash-Shabob» (BAA) – «Paxtakor» (O`zbekiston) 0:1 (0:0)
Hakamlar:
Ali Hasan Ibrohim Abdulnabiy (Bahrayn), Navaf Shahin (Bahrayn), Muhammad Ja`far (Bahrayn), Abdulshohid Abdulamir (Bahrayn).
«Ash-Shabob»: Salim Hammadiy, Muhammad Matrushiy, Volid Abbos, Azizbek Haydarov, Luiz Enrike, Edgar da Silva, Al Hammadiy (Ali Mahmud, 67), Isa Shiruk (Daud Balushiy, 71), Hasan Safar, Isom Bin Salmin, Jusiel da Silva.
«Paxtakor»: Aleksandr Lobanov, Akbarjon Ismatullaev, Kaxi Maxaradze, Jora Oganesyan (G`ulom O`runov, 74), Jamshid Iskandarov (Abbosbek Maxstaliev, 88), Igor Sergeev, Aleksandr Merzlyakov, Davronbek Hoshimov, Dilshod Sharofetdinov, Vladimir Kozak, Oybek Qilichev (Temurxo`ja Abduxoliqov, 64).
Gol: Jamshid Iskandarov (85).
Ogohlantirishlar: Aleksandr Merzlyakov (47), G`ulom O`runov (90+1).
Dubay, «Maktum Bin Rashid al-Maktum» stadioni. 815 tomoshabin.

mib
uzcard
cola
apex
bmb