
Toshkentning «Bunyodkor» jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov «Poxang»ga qarshi o`yin muhim ekanligini ta`kidlab, qiyin o`tishini taxmin qildi.
13 mart kuni Toshkentning «Bunyodkor» klubi Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi 2-tur bahslari doirasida o`z maydonida Janubiy Koreyaning «Poxang Stilerz» klubini qabul qiladi. O`yin arafasida, 12 mart kuni har ikkala jamoa vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Jurnalistlarning savollariga javob qaytararkan, Mirjalol Qosimov guruh favoriti masalasida xulosa chiqarishga hali erta ekanligini ta`kidlab o`tdi.
«Ertaga «Bunyodkor» uchun mavsumdagi muhim va qiyin bo`lgan uchrashuvlardan biri bo`lib o`tadi. Dastlabki turdagi g`alabamiz zamirini mustahkamlash uchun oldimizda turgan ikkita bahs muhim hisoblanadi. Men qo`l ostimdagi tarkibga ishonaman. O`z o`yinimizni namoyish etgan holda muxlislarimiz kayfiyatini yanada ko`tarmoqchimiz. Raqibimiz tarkibida aksariyat futbolchilar Toshkentga kela olishmadi. Bu albatta o`ziga yarasha muammolarni keltirib chiqaradi. Biz tasavvurga ega bo`lmagan futbolchilarni o`yin davomida kuzata olamiz xolos. O`ylashimcha, «Poxang Stilerz» ustozining qo`l ostida bir xil saviyadagi 20 nafardan ortiqroq futbolchilar bor. Jamoada o`ziga xos sog`lom raqobat ham mavjudligini shundan bilib olsa bo`ladi. Nima bo`lgan taqdirda ham, raqib a`zolari harakatlarini o`z uslubimizga moslashtirishimiz kerak», - dedi Mirjalol Qosimov.
«Hozirdan xulosa chiqarish yaxshi emas. Chunki endigina bittadan o`yin o`tkazdik. Xitoy klubi ancha kuchli tarkibga va tayyorgarlikka ega. «Sanfrechche Xirosima» ham hali o`z so`zini aytadi, deb o`ylayman. Xohlardimki, «Bunyodkor» o`z maqsadiga imkon qadar tezroq etishsa», - dedi «Bunyodkor» ustozi.
«Raqib tarkibida men bilan kuchli futbolchilar Toshkentga kelishmagan. 6, 8, 11, 13-raqamda o`ynaydigan futbolchilar jamoada o`z o`rniga ega bo`lgan futbolchilar edi. Endi bilmadim, bosh murabbiy qanday tarkibni maydonga tushirishni rejalashtirganini. Yana qaytaraman, raqibdan ko`ra o`z o`yinimizni namoyish etishimiz bizga muhimroq. Biz raqibdan emas, ular bizdan qo`rqishsin», - deya qo`shimcha qildi Mirjalol Qosimov.
Eslatib o`tamiz, «Bunyodkor» va «Poxang Stilerz» jamoalari o`rtasidagi o`yin 13 mart, chorshanba kuni Toshkentdagi «Jar» stadionida bo`lib o`tadi. O`yin Toshkent vaqti bilan 17:00da boshlanadi.
Xabar "Bunyodkor" matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.