Xvang Sun-Xong: «Toshkentga g`alaba uchun kelganmiz»

Janubiy Koreyaning «Poxang Stilerz» jamoasi bosh murabbiyi Xvang Sun-Xong jamoasi Toshkentga faqat g`alaba ilinjida kelganini ma`lum qildi.

13 mart kuni Toshkentning «Bunyodkor» klubi Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi 2-tur bahslari doirasida o`z maydonida Janubiy Koreyaning «Poxang Stilerz» klubini qabul qiladi. O`yin arafasida, 12 mart kuni har ikkala jamoa vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Dastlab jurnalistlarning savollariga «Poxang Stilerz» bosh murabbiyi Xvang Sun-Xong javob qaytardi.

«Bunyodkor» jamoasi haqida faqat va faqat iliq fikrlarni aytishim mumkin. Haqiqatan ham raqibimizning salohiyati kuchli. «Sanfrechche Xirosima»dek kuchli klubni mehmonda mag`lubiyatga uchratish oddiy jamoaning qo`lidan kelmaydi. O`tgan yili ham "Bunyodkor" bilan guruh bosqichida to`qnash kelgandik. O`sha xatolarimizni bu safar takrorlamaslikka harakat qilamiz. Ochig`ini aytsam, o`tgan yilgi o`yinlardan etarli xulosalarni chiqarib olganman. Poxang va Toshkentda uchralgan mag`lubiyatlar alamini olishga harakat qilamiz», - Janubiy Koreya klubi ustozi.

«Jamoa tarkibida o`zgarishlar amalga oshirilgan bo`lsa-da, klubning maqsadi va o`yin strategiyasi o`sha-o`shaligicha qolgan. «Bunyodkor»ni Yaponiyadagi o`yinini tomosha qilib, ularning har bir harakatlarini sinchikovlik bilan kuzatib chiqdim. Oldingi chiziqda o`ynaydigan 11-raqamli hujumchi (Oleksandr Pishur) judayam xavfli. Shuningdek, Fozil Musaev va Lutfulla To`raevning hatti-harakatlari ham bizga tashvish tug`dirmay qolmadi. Qolaversa, chap qanotda o`ynaydigan tezkor yarim himoyachi ham noqulaylik olib kelishi mumkin», - dedi janubiy koreyalik mutaxassis.

«Bizning jamoaga birinchi va ikkinchi tarkib degan tushuncha umuman begona. Qo`l ostimdagi hamma o`yinchilarning saviyasi va darajasi bir xil. Hammaga bo`lgan ishonchim ham barobar. Shuningdek, Osiyo Chempionlar ligasiga bo`lgan munosabatimiz ham jiddiy. Agarda qo`l ostingizda yaxshi o`yinchilar etarli bo`lmasa u holda legionerlar extiyojiga muxtojlik sezasiz. Bordi-yu, mahalliy shogirdlaringiz ishonchingizni oqlashsa, legionerlar masalasiga to`xtalish shart emas. Ayni damda janubiy koreyalik bo`lgan futbolchilarga ishonch bildiryapman», - dedi Xvang Sun-Xong.

«Odatda, imkoniyatlar uchrashuvgacha ellikka ellik bo`ladi. Lekin qaytarib aytaman biz Toshkentda g`alaba qozonmoqchimiz», - deya qo`shimcha qildi «Poxang Stilerz» bosh murabbiyi.

Eslatib o`tamiz, «Bunyodkor» va «Poxang Stilerz» jamoalari o`rtasidagi o`yin 13 mart, chorshanba kuni Toshkentdagi «Jar» stadionida bo`lib o`tadi. O`yin Toshkent vaqti bilan 17:00da boshlanadi.

Xabar "Bunyodkor" matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb