Paketa «Paxtakor»dan xavotirda, Ismoilov esa Dubaydan g`alaba bilan qaytmoqchi

«Paxtakor» bosh murabbiyi Murod Ismoilov, BAAning «Ash-Shabob» jamoasiga qarshi o`yin qiyin kechishiga qaramay, Toshkentga g`alaba bilan qaytish niyatida ekanligini ma`lum qildi.

«Jamoamiz tarkibi asosan yosh futbolchilardan tashkil topgan, shunday ekan, «Ash-Shabob»ga qarshi o`yin biz uchun nisbatan qiyin kechadi. Biz raqibimizni juda yaxshi o`rganib chiqdik va ushbu jamoa malakali mutaxassis qo`l ostida bir jamoa bo`lib chiroyli o`yinlar ko`rsatayotganidan boxabarmiz», - dedi «Paxtakor» bosh murabbiyi.

«Nima bo`lgan taqdirda ham, biz bu erga faqat g`alaba maqsadida kelganmiz. Mavsum boshida tarkibimizda qator o`zgarishlar bo`ldi. Bo`lajak bahsda birinchi o`yindagi g`alabani haqli ravishda qo`lga kiritganimizni isbotlashga harakat qilamiz», - dedi Ismoilov.

OChLni pley-off bosqichi, Eronda «Saboi Qum» jamoasini mag`lubiyatga uchratish bilan boshlagan «Ash-Shabob» guruh bosqichining 1-turida Qatar chempioni «Laxviya»ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.

«Osiyo Chempionlar ligasidagi bahslar har doim, jumladan, biz uchun ham kuchli raqiblarga qarshi va yaxshi o`tgan, biroq taqvimning zichligi sabab ba`zi muammolarga duch kelyapmiz», - dedi «Ash-Shabob» bosh murabbiyi, braziliyalik mutaxassis Markos Paketa.

«O`zbekiston Oliy Ligasi bahslari boshlanganiga hali ko`p vaqt bo`lmadi, shunday ekan, «Paxtakor» jismoniy jihatdan bizdan ko`ra yaxshiroq holatda, deb ayta olaman. So`nggi vaqtlarda biz bir qator etakchi o`yinchilarimizga dam berishga urindik, guruh bosqichidagi ikkinchi o`yinda ularning ishtiyoq bilan to`p surishi muhim ahamiyatga ega», - dedi braziliyalik mutaxassis.

«Biz «Paxtakor»ning «Ittifoq»ga qarshi 1-turdagi o`yinini yaxshilab o`rganib chiqdik va, aytishim mumkinki, «Paxtakor» – yaxshi jamoa va biz undan ehtiyot bo`lishimiz kerak», - deya qo`shimcha qildi «Ash-Shabob» bosh murabbiyi Markos Paketa.

Eslatib o`tamiz, «Ash-Shabob» va «Paxtakor» o`rtasidagi o`yin 12 mart, seshanba kuni Toshkent vaqti bilan 20:20da boshlanadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb