27 fevral kuni Samarqandning «Dinamo» klubi jamoaga qo`shilgan yangi futbolchilar taqdimotini o`tkazdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.
«OAV va muxlislar ishtirokida o`tadigan marosimda Samarqand viloyati hokimi, viloyat futbol federatsiyasi prezidenti Zoyir Toirovich Mirzaev ham qatnashadi», - deb yozadi «Dinamo» sayti.
Viloyat futbol federatsiyasi rasmiy sayti xabariga ko`ra, marosim davomida futbolchilarga o`z raqamlari va ism-familiyalari tushirilgan futbolkalar taqdim etildi. Unga ko`ra, yangi futbolchilar quyidagi raqamlarni olgan: Aleksandr Kletskov - 13, Akmal Xolmurodov - 16, Temur Dadashev - 24, Oleg Gorvits - 73, Azamat Bobojonov - 21, Sardorali Atoev - 14, Vladimir Kilikevich - 9.
«Dinamo» klubining asosiy maqsadi mahalliy o`yinchilarimiz bilan yaxshi natijalar qayd etish. Muxlislar har bir o`yindan lazzat olsin. Chiroyli o`yin ko`rsatib ishonchni oqlashga harakat qilamiz», - dedi «Dinamo» bosh murabbiyi Kamo Gazarov marosimda.
Eslatib o`tamiz, «Dinamo» 2013 yilgi mavsumni 2 mart kuni, Farg`onaning «Neftchi» jamoasiga qarshi safarda boshlaydi.