«Paxtakor» OChL-2013ni g`alaba bilan boshladi

2012 yilgi O`zbekiston chempioni – Toshkentning «Paxtakor» klubi 2013 yilgi OChLni g`alaba bilan boshladi.

26 fevral kuni Toshkentdagi «Paxtakor» markaziy stadionida O`zbekistonning «Paxtakor» va Saudiya Arabistonining «Al-Ittifoq» jamoalari o`rtasida Osiyo Chempionlar ligasi «V» guruhi 1-tur uchrashuvi bo`lib o`tdi. O`yin 1:0 hisobida maydon egalari foydasiga hal bo`ldi. O`yindagi yagona gol uchrashuvning 73-daqiqasida Temurxo`ja Abduxoliqov tomonidan kiritildi.

Uchrashuvning birinchi bo`limi nisbatan zerikarli kechdi. Har ikkala jamoa raqibi darvozasi oldida bir-ikkita xavfli vaziyat yuzaga keltirdi, xolos.

Ikkinchi bo`lim esa nisbatan jonli o`tdi, ayniqsa, «Paxtakor» taymni juda faol boshladi. Biroq birinchi bo`lib hisobni ochish uchun juda ham qulay imkoniyat 61-daqiqada «Al-Ittifoq»da yuzaga keldi: Maxaradzening «Paxtakor» jarima maydonchasi ichida raqib futbolchisisiga nisbatan qoidabuzarlik sodir etgani uchun uchrashuvni boshqarib borgan janubiy koreyalik hakam Lobanov darvozasi tomon penalti belgiladi. Biroq «Al-Ittifoq» markaziy yarim himoyachisi Yahyo al-Shahriy tomonidan yo`llangan zarbani «Paxtakor» darvozaboni egallab oldi.

73-daqiqaga kelib uchrashuvda hisob ochildi. Vladimir Kozak tomonidan amalga oshirilgan jarima zarbasidan so`ng to`p «Al-Ittifoq» darvozabonining qo`lidan chiqib ketdi, ushbu to`pga hammadan birinchi bo`lib etib kelgan Temurxo`ja Abduxoliqov «Paxtakor»ning 2013 yilgi rasmiy mavsumdagi ilk goli muallifiga aylandi. Qayd etish joiz, bu vaziyatda Abduxoliqovning zaxiradan maydonga tushganiga bir daqiqa ham bo`lmagan, bu uning to`pga birinchi tegishi edi.

«Paxtakor» kichik hisobdagi ustunlikni o`yin oxirigacha saqlab qola oldi. Shunday qilib, Toshkent vaqti bilan 26 fevral kuni soat 20:00da boshlanadigan «Laxviya» (Qatar) va «Ash-Shabob» (BAA) o`rtasidagi o`yin arafasida «V» guruhi peshqadamiga aylanib oldi.

OChL «V» guruhidagi navbatdagi tur o`yinlari 12 mart kuni bo`lib o`tadi. Shu kuni «Paxtakor» BAAda «Ash-Shabob» mehmoni bo`lsa, «Al-Ittifoq» o`z maydonida «Laxviya»ni qabul qiladi.

OChL-2013, «V» guruhi, 1-tur uchrashuvi
26 fevral, seshanba
«PAXTAKOR» (O`zbekiston) – «AL-ITTIFOQ» (Saudiya Arabistoni) 1:0 (0:0)
GOL:
Temurxo`ja Abduxoliqov (73).
OGOHLANTIRIShLAR: Akbarjon Ismatullaev (24), Dilshod Sharofetdinov (78), Aleksandr Lobanov (87) – Ahmad Muborak (21), Majid Rafa al-Amriy (27), Yahyo ash-Shahriy (51), Zamil as-Salim (77).
«PAXTAKOR»: Aleksandr Lobanov, Akbarjon Ismatullaev, Kaxi Maxaradze, Jora Oganesyan (Temurxo`ja Abduxoliqov, 72), Sherzodbek Karimov (Oybek Qilichev, 64), Igor Sergeev (Abbosbek Maxstaliev, 90+2), Aleksandr Merzlyakov, Davronbek Hoshimov, Dilshod Sharofetdinov, Stanislav Andreev, Vladimir Kozak.
«AL-ITTIFOQ»: Fayz as-Subayiy, Ali az-Zubaydiy, Karlos Santos De Jezus, Majid Rafa, Yahyo ash-Shahriy, Zamil as-Salim, Ahmad Muborak (Prins Tago, 89), Hasan Kadish, Ahmad Volibiy (Ali Ahmad az-Zaqan, 71), Yusuf as-Salom, Sulton al-Bargan.
HAKAMLAR: Kim Chjong Xyok (Janubiy Koreya), Kvang Yol (Janubiy Koreya), Ji Syong Min (Janubiy Koreya), Pratap Singh (Hindiston).

mib
uzcard
cola
apex
bmb