
«Paxtakor» bosh murabbiyi Murod Ismoilovning so`zlariga ko`ra, jamoa 2013 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi bahslarida imkon qadar muvaffaqiyatli o`yin ko`rsatishga harakat qiladi. Bu haqda «Paxtakor» rasmiy sayti xabar bermoqda.
26 fevral kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida 2013 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi «V» guruhi 1-tur bahslari doirasida O`zbekistonning «Paxtakor» va Saudiya Arabistonining «Al-Ittifoq» jamoalari o`rtasida o`yin bo`lib o`tadi. Ushbu o`yin arafasida, 25 fevral kuni stadion anjumanlar zalida har ikkala jamoa bosh murabbiylari va futbolchilari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
«Paxtakor» vakillari ishtirokidagi matbuot anjumanida jamoa bosh murabbiyi Murod Ismoilov va jamoa yarim himoyachisi Stanislav Andreev ishtirok etdi.
«Futbolchilarimiz mavsumni boshlashni xohlashmoqda. Biz hali birorta ham rasmiy o`yin o`tkazganimiz yo`q, biroq mavsumga yaxshi tayyorgarlik ko`rdik. Bo`lajak o`yinda ham o`zimizning eng yaxshi tarafdan ko`rsatib, muxlislarni quvontirishga harakat qilamiz. Himoyadagi yo`qotishlar o`rnini jamoadagi bor futbolchilar bilan to`ldira olamiz, deb o`ylayman. Osiyo Chempionlar ligasida imkon qadar uzoqroqqa borishni maqsad qilganimiz, natijalar qanday bo`lishini esa vaqt ko`rsatadi», - dedi Murod Ismoilov.
«Paxtakor» «Al-Ittifoq»ga qarshi 2009 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi nimchorak finalida safarda to`p surib, irodali g`alabaga erishgan edi. O`shanda, so`nggi daqiqalarda hujumchi Aleksandr Geynrix tomonidan urilgan ajoyib gol «Paxtakor»ni chorak final ishtirokchisiga aylantirgan edi.
«Agar o`sha vaqtdagi va hozirgi «Al-Ittifoq»ni solishtiradigan bo`lsak, hozirgi jamoa nisbatan intizomliroq – jamoa ishtirokidagi o`yinlarni ko`rib chiqib, shunday xulosaga keldim. «Paxtakor»da esa, 2009 yilga nisbatan, jamoa yoshargan. «Al-Ittifoq»ni yaxshi o`rganib chiqdik, masalan, jamoa himoyasida ma`lum muammolar bor. Biroq raqibning barcha kuchsiz tomonlari to`g`risida ochiq gapirmoqchi emasman», - deya qo`shimcha qildi «Paxtakor» ustozi.
«Paxtakor» yarim himoyachisi Stanislav Andreev esa jamoadagi kayfiyat yaxshi ekanligini ma`lum qildi: «Barcha futbolchilar o`yin qanday muhim ahamiyatga ega ekanligini his qilib turishibdi. Oldimizda turgan vazifalarni birgalikda bajarib, muxlislarimizga yoqadigan o`yinlar namoyish etishni maqsadidamiz».
Eslatib o`tamiz, «Paxtakor» va «Al-Ittifoq» o`rtasidagi o`yin 26 fevral kuni Toshkent vaqti bilan 16:00da boshlanadi.