«Paxtakor» himoyachisi Boyan Miladinovich Serbiyada davolanish kursini o`tmoqda. Bu haqda «Paxtakor» rasmiy sayti xabar tarqatdi.
Klub rasmiy sayti xabariga ko`ra, yaqinda jarohatidan tiklanib, safga qo`shilgan serbiyalik himoyachi Turkiya yig`ini doirasidagi BATEga qarshi o`yinda jarohat olib, yana safdan chiqqan.
«Hozir oyog`imga gips qo`yilgan. Ayni paytda Serbiyada bo`lib turibman. Shifokor bilan muloqotda bo`lyapman. Ular menga 10 kundan so`ng oyog`imni rentgen qilib ko`rishlarini aytishdi. Agar hammasi yaxshi bo`lsa, gipsni olib tashlashadi va o`shandan 10 kun o`tib, maydonga qaytishim mumkin. Tezroq safga qaytib, "Paxtakor"ga yordam berish umididaman», - dedi Miladinovich.
Futbolchi mart oyigacha safga qaytishi kutilmoqda.