Samarqandning «Dinamo» klubi Toshkentdagi ikkinchi yig`in doirasida o`rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Bu haqda Samarqand viloyat futbol federatsiyasi xabar bermoqda.
«NBU-Osiyo» jamoasiga qarshi o`yinda 1:1 hisobida durang natija qayd etildi. «Dinamo»ning o`yindagi yagona goli jamoa safida ko`rikdan o`tayotgan ukrainalik yarim himoyachi Ruslan Bidnenko hisobiga yozildi.
SVFF sayti ma`lumotlariga ko`ra, 31 yoshli Bidnenko faoliyati davomida Ukrainaning «Borisfen», «Dinamo» (Kiev), «Dnepr», «Krivbass», «Arsenal» (Kiev), «Chernomorets», Qozog`istonning «Vostok», «Okjetpes» kabi jamoalari safida to`p surgan, Ukraina chempioni, Ukraina Kubogi sohibi bo`lgan. 2004 yili Ukraina terma jamoasi safida bitta – Frantsiya terma jamoasiga qarshi o`yinda maydonga tushgan.
«Ushbu futbolchi murabbiylarga ma`qul kelsa «Dinamo» safida boshlashi mumkin», - deb yozadi federatsiya sayti.