Har yili Italiyada an`anaviy tarzda tashkil etiladigan «Koppa Karnavale»ning 2013 yilgi bahslarida «Paxtakor» o`rniga Belgiyaning «Bryugge» klubi ishtirok etadi.
Buni «Paxtakor» sport direktori Grigoriy Tseytlin quyidagicha izohladi: «Ushbu musobaqada har yil ishtirok etib kelardik. Lekin 2013 yilgi musobaqaga borishdan voz kechishga majbur bo`ldik. Buning sababi 17 nafar futbolchimizning yoshlar terma jamoasi yig`iniga jalb etilishi va Turkiyadagi mashg`ulotlarda qatnashishida bo`ldi. Yoshlar terma jamoasi Turkiyada yig`in o`tkazib, o`rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi».
«Biz o`sha o`yinchilar bilan Italiyaga borishni mo`ljallagandik. Nufuzli turnirga ikkinchi tarkib bilan borishdan ma`no ko`rmayapmiz. Chunki unda mamlakatimiz sharafini himoya qilishimiz lozim. Bu esa musobaqaga hurmat va yurtimiz futbol sha`ni uchun ijobiy emas. "Koppa Karnevale"da qatnashmasligimizning sababi shunda», - deya qo`shimcha qildi Tseytlin.