Qarshining «Nasaf» jamoasi 9 fevral kuni Turkiyadagi yig`inlar doirasida Polshaning 19 karra chempioni «Gurnik» jamoasiga qarshi nazorat o`yinida maydonga tushdi. O`yin 2:1 hisobida Polsha klubi foydasiga hal bo`ldi.
«Uchrashuvni vakillarimiz juda faol boshlashdi. Birinchi bo`lim o`rtalariga kelib burchakdan uzatilgan to`pni Hamza Karimov boshi bilan raqib darvozasiga aniq yo`llab, hisobni ochdi. Bo`lim tugashiga besh daqiqa qolganida Kopach muvozanatni tikladi. Ikkinchi bo`limda «Nasaf» ustozi bir qator o`zgarishlarni amalga oshirib, maydonga yosh futbolchilarni tushirdi. Natijada o`yin tugashiga besh daqiqa qolganida polshalik futbolchilar g`alaba to`pini kiritishga muvaffaq bo`lishdi», - deb yozadi «Nasaf» rasmiy sayti.
E`tiborli tomoni, «Nasaf» futbolchilari ketma-ket uch yildan buyon Antaliyada «Gurnik» futbolchilari bilan nazorat uchrashuvini o`tkazib kelishmoqda. 2011 yilda qarshilik futbolchilar 3:1 hisobida g`alabaga erishgan bo`lishsa, 2012 yilda ham 1:0 hisobida «nasaf»chilar raqibni dog`da qoldirishgandi.
Nazorat uchrashuvi
9 fevral, shanba
«NASAF» (O`zbekiston) – «GURNIK» (Polsha) 1:2
Gol: Hamza Karimov.
«NASAF»: Mixail Naumov – Alisher Yusupov, Botir Qoraev, Hamza Karimov, Botir Qoraev, Laziz Ubaydullaev, Erkin Boydullaev, Artur Gevorkyan, Suhrob Ne`matov, Farruh Sayfiev, - Ilhom Shomurodov.
Ikkinchi bo`limda maydonga tushganlar: Eldor Boymatov, Mirzakamol Kamolov, Rahmatilla Berdimurodov, Mirzamurod Jo`raboev, Kenja To`raev, Shuhrat Muhammadiev, Zohid Abdullaev.