
«Paxtakor»ning OChL-201dagi ilk uchrashuvini janubiy koreyalik debyutant hakam boshqaradi.
2012 yilgi O`zbekiston chempioni, Toshkentning «Paxtakor» klubi 2013 yilgi OFK Chempionlar ligasidagi ilk uchrashuvini 26 fevral, seshanba kuni o`tkazadi. Shu kuni «V» guruhi 1-tur o`yinlari doirasida Saudiya Arabistonining «Al-Ittifoq» jamoasi «Paxtakor» stadionida mehmon bo`ladi. Uchrashuvni janubiy koreyalik va hindistonlik hakamlardan iborat brigada boshqarib boradi.
Jumladan, janubiy koreyalik yosh hakamlardan biri hisoblangan Kim Jong Xyok uchrashuv bosh hakami etib tayinlangan bo`lsa, unga qanotlarda vatandoshlari – Yun Kvang-Yol va Ji Syong Min yordam beradi. Hindistonlik Singh Pratap uchrashuvning to`rtinchi hakami sifatida qayd etilgan.
29 yoshli Kim Jong Xyok Janubiy Koreyaning yosh va iqtidorli hakamlaridan biri hisoblanadi. U shu JCh-2014 saralash dastlabki bosqich o`yinlarida, OFK Prezidenti Kubogi, OFK Chaqiruv Kubogi, OFK Kubogi bahslarida hakamlik qilgan, shuningdek, muhim ahamiyatga ega bo`lgan aksariyat o`yinlarda to`rtinchi hakam sifatida ishlagan. Jumladan, Qarshi «Nasaf» va Kuvaytning «Al-Kuvayt» jamoalari o`rtasidagi 2011 yilgi OFK Kubogi final uchrashuvida (2:1) to`rtinchi hakam sifatida ishlagan bo`lsa, 2012 yilning aprel oyida, OChL guruh bosqichi doirasidagi «Nasaf» – «Ar-Rayyan» (0:1) o`yinida ham bosh hakamga maydon tashqarisida yordam bergandi. Biroq shu vaqtgacha OFKning klublar o`rtasidagi eng nufuzli musobaqasida biror marta ham bosh hakam rolida harakat qilmagan edi.
Guruhning ikkinchi uchrashuvida Qatarning «Laxviya» klubi OChL pley-off o`yini g`olibi - Eronning «Sabo Qum» yoki BAAning «Ash-Shabob» jamoalaridan birini qabul qiladi.
OFK Chempionlar ligasi-2013
«V» guruhi, 1-tur uchrashuvi
26 fevral, seshanba
«Paxtakor» (O`zbekiston) – «Al-Ittifoq» (Saudiya Arabistoni)
Bosh hakam: Kim Jong Xyok (Janubiy Koreya).
Yon qanot hakamlari: Yun Kvang-Yol (Janubiy Koreya), Ji Syong Min (Janubiy Koreya).
To`rtinchi hakam: Singh Pratap (Hindiston).
Nazoratchi: Ali Muhammad Bujsaim (BAA).
Komissar: Hasan G`afforiy (Eron).