
«Lokomotiv»ning Osiyo Chempionlar ligasidagi ilk uchrashuvini yaponiyalik va gongkonglik hakamlar boshqarib borishadi.
Oliy Liga-2012 yakuniga ko`ra bronza medallarni qo`lga kiritib, Osiyo Chempionlar ligasi-2013 yo`llanmasini qo`lga kiritgan Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi musobaqadagi ilk uchrashuvini birinchilardan bo`lib, 9 fevral, shanba kuni o`tkazadi. Shu kuni toshkentlik «temiryo`lchilar» bir o`yindan iborat OChL pley-off bosqichi uchrashuvi doirasida BAAning «An-Nasr» jamoasi mehmoni bo`lishadi.
Uchrashuvni yaponiyalik bosh hakam Masaaki Toma boshqarib boradi. Unga qanotlarda yaponiyalik Xaruxiro Otsuka va gongkonglik Chi Xo Lam yordam bersa, Yudai Yamamoto uchrashuvning to`rtinchi hakami sifatida qayd etilgan.
39 yoshli Masaaki Toma, FIFA rasmiy sayti ma`lumotlariga ko`ra, 2005 yildan beri FIFA hakami hisoblanadi. U Osiyo Chempionlar ligasining 2011 yilgi mavsumida Toshkentning «Bunyodkor» va Saudiya Arabistonining «Al-Ittihod» klublari o`rtasidagi guruh bosqichi o`yinini boshqargan bo`lib, o`shanda Qosimov shogirdlari «Jar»da 0:1 hisobida imkoniyatni boy berishgandi. Shuningdek, xuddi shu mavsumning o`zida u «Bunyodor» ishtirokidagi nimchorak final o`yinida ham hakamlik qilgan. Bir o`yindan iborat bahsda Qosimov shogirdlari chorak final yo`llanmasini «Sepohon»ga boy berishgan (1:3).
Agar «Lokomotiv» BAAning «An-Nasr» klubiga qarshi safar uchrashuvida muvaffaqiyatga erisha olsa, OFK Chempionlar ligasining guruh bosqichi yo`llanmasini qo`lga kiritadi va Eronning «Sepohon», Qatarning «Al-G`arafa», Saudiya Arabistonining «Al-Ahli» klublari bilan birga musobaqa «S» guruhida ishtirok etadi.
OFK Chempionlar ligasi-2013
Guruh bosqichiga o`tish pley-off bosqichi
9 fevral, shanba
«An-Nasr» (BAA) – «Lokomotiv» (O`zbekiston)
Bosh hakam: Masaaki Toma (Yaponiya).
Yon qanot hakamlari: Xaruxiro Otsuka (Yaponiya), Chi Xo Lam (Gongkong).
To`rtinchi hakam: Yudai Yamamoto (Yaponiya).
Nazoratchi: Jasim Muhammad Mahmud (Bahrayn).
Komissar: Munim Issa Elias (Iordaniya).