
Osiyo Chempionlar ligasi o`yinlarini tashkil etishda ko`maklashadigan mahalliy bosh koordinatorlar (Local General Coordinator, LGC) va mahalliy media-ofitserlar (Local Media Officer, LMO) OFK seminarlarida ishtirok etishdi.
7-8 yanvar kunlari, OFK Elit ta`lim doirasida, Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida LGC va LMO seminarlari bo`lib o`tdi. Shu bilan bir vaqtda, 5-9 yanvar kunlari OFK o`yin komissarligiga nomzodlar (O`zbekistondan ikki nafar) uchun ham seminarlar bo`lib o`tdi.
«2012 yilda biz OFK bayrog`i ostida 600dan ortiq, FIFA bayrog`i ostida 55ga yaqin uchrashuvlarni tashkil etdik. Bularning barchasiga OFK O`yin komissarlarining mashaqqatli mehnati orqali erishdik», - dedi OFK Musobaqalarni o`tkazish bo`limi direktori Jon Vindzor.
«Shuningdek, OFK komissarlari, LGC va LMOning ko`magisiz OFK bu qadar ko`plab o`yinlarni muvaffaqiyatli tashkil eta olmasdi. Ushbu vakolatli shaxslarning ishtiroki o`yinlarning muvaffaqiyatli tashkil etilishiga bevosita aloqadordir», - deya qo`shimcha qildi Vindzor.
Seminarlarning ishtirokchilari o`yinlarni tashkil etish bo`yicha kurslarda olingan bilim va ko`nikmalarni amaliy mashg`ulotlarda ham ko`rishga muvaffaq bo`lishdi. Jumladan, OFK O`yin komissarligiga nomzodlar, shuningdek, LGC va LMOlar 8 yanvar kuni Malayziya chempionati doirasidagi «Selangor» - «Negeri Sembalan» uchrashuvining tashkil etilishi bilan yaqindan tanishishdi.
OFK Elit ta`lim seminarlari doirasida, 10-11 yanvar kunlari Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etuvchi klublarning vakillari uchun Kuala-Lumpurda alohida seminar mashg`ulotlari tashkil etildi. Unda, jumladan, Toshkentning «Paxtakor», «Bunyodkor» va «Lokomotiv» klubi vakillari ham ishtirok etishdi.