Ravshan Muqimov: «Guruh bosqichi yo`llanmasi uchun harakat qilamiz»

Toshkentning «Lokomotiv» klubi bosh murabbiyi Ravshan Muqimovning so`zlariga ko`ra, jamoa 2013 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi yo`llanmasini qo`lga kiritishga harakat qiladi.

6 dekabr, payshanba kuni Kuala-Lumpurda 2013 yilgi Osiyo Chempionlar ligasiga qur`a tashlash marosimi bo`lib o`tdi. Unga ko`ra, 2012 yilgi O`zbekiston chempionatida 3-o`rinni qo`lga kiritgan Toshkentning «Lokomotiv» klubi pley-off o`tish bosqichida BAAning «An-Nasr» klubiga qarshi maydonga tushadi. O`yin 9 fevral kuni Dubayda bo`lib o`tadi.

«Osiyo Chempionlar Ligasi – biz uchun yangi musobaqa. Unda kuchsiz jamoalarning o`zi bo`lmaydi. Har bir jamoa o`z o`yini uslubi, taktikasiga ega. Qur`a natijalariga qarab, tayyorgarlik bahslariga biroz o`zgartirish kiritamiz. Jamoamiz bilan birgalikda guruh bosqichiga yo`llanmani qo`lga kiritishga harakat qilamiz», - dedi Ravshan Muqimov.

Agar «Lokomotiv» bir uchrashuvdan iborat pley-off o`tish bosqichida g`alaba qozonsa, «S» guruhidan o`rin oladi va Eronning «Sepohon», Qatarning «Al-G`arafa», Saudiya Arabistonining «Al-Ahli» jamoasiga qarshi bahs olib boradi.

Qayd etish joiz, 2013 yilgi OChLda debyut qiladigan «Lokomotiv» ushbu nufuzli musobaqada ishtirok etadigan tarixdagi O`zbekistonning 6-jamoasidir. Bungacha, turli yillarda «Paxtakor», «Neftchi», «Mash`al», «Bunyodkor» va «Nasaf» jamoalari musobaqada ishtirok etgan. E`tiborli tomoni, «Lokomotiv»dan tashqari, OChL-2013da Qatarning «Al-Jaish», Eronning «Traktorsozi», Yaponiyaning «Vegalta Senday», Xitoyning «Jiangsu Seynti» hamda «Guichjou Renxa» jamoalari debyut qiladi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb