Mirjalol Qosimov: «Guruhimizda favorit yo`q»

Toshkentning «Bunyodkor» klubi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning so`zlariga ko`ra, jamoa o`rin olgan OChL-2013 guruh bosqichidagi barcha jamoalar kuchli.

6 dekabr, payshanba kuni Kuala-Lumpurda 2013 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi bahslariga qur`a tashlash marosimi bo`lib o`tdi. Unga ko`ra, O`zbekiston Kubogi sohibi, Toshkentning «Bunyodkor» klubi Yaponiyaning «Sanfrechche Xirosima», Xitoyning «Beyjing Guoan» va Janubiy Koreyaning «Poxang Stilerz» klublari bilan bir guruhdan o`rin oldi.

«Ushbu guruhda favorit yo`q. Guruhda bir jamoani yaqqol favorit sifatida ko`rsatish mushkul. Shunday bo`lsa-da, raqiblarimizning barchasi kuchli jamoalar ekanligini ta`kidlamoqchi edim», - dedi Mirjalol Qosimov.

2013 yilgi mavsumda «Bunyodkor»ga raqiblik qiladigan «Sanfrechche Xirosima» 2012 yilgi Yaponiya chempioni hisoblanadi va jamoa uchun bu OChLdagi ikkinchi ishtirok bo`ladi. Xitoyning «Beyjing Guoan» jamoasi esa Xitoy chempionatining yakuniga etgan so`nggi mavsumida bronza medallarni qo`lga kiritgan. Key-Liga-2012ni 3-o`rinda yakunlagan «Poxang Stilerz» esa Janubiy Koreya Kubogi sohibidir.

«Yaponiya chempioni bo`lganining o`ziyoq, «Sanfrechche»ning qanday kuchga ega ekanligini ochiq ko`rsatib turibdi. «Beyjing Guoan» Xitoy chempionatida 3-o`rin egalladi, Xitoy chempionatining saviyasi esa so`nggi yillarda ancha o`sdi – u erdagi klublarga kuchli legioner futbolchilar jalb qilinmoqda. «Poxang» esa bizga juda yaxshi tanish. U so`nggi mavsumni ham sovrin bilan yakunladi. Bu jamoa har doim o`z oldiga yuqori maqsadlarni qo`yib keladi», - dedi Qosimov.

«Bunyodkor» OChLning 2012 yilgi mavsumida ham Sharq mintaqasida to`p surgan, o`shanda ham Qosimov shogirdlari o`rin olgan guruhda Janubiy Koreyaning «Poxang Stilerz» jamoasi bor edi. Jamoa guruh bosqichida, shuningdek, Yaponiyaning «Gamba Osaka» va Avstraliyaning «Adelaida Yunayted» jamoalariga qarshi bahs olib borgan, nimchorak finalda Janubiy Koreyaning «Suvon Blyuvingz», chorak finalda esa «Adelaida Yunayted»ni mag`lubiyatga uchratgan edi. Biroq yarim finalda musobaqaning bo`lajak g`olibi, Janubiy Koreyaning «Ulsan Xyunday» jamoasiga imkoniyatni boy berdi.

«Umuman olganda, biz o`tgan mavsum ham Sharq mintaqasida to`p surdik. Navbatdagi mavsumda ham, 2012 yildagi natijani takrorlashga va undan ham yaxshiroq ishtirok etishga harakat qilamiz. Albatta, tarkibimizga bir qator yangi, tajribali futbolchilarni jalb etishni maqsad qilganmiz», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.

mib
uzcard
cola
apex
bmb