Murod Ismoilov: «Imkoniyat hammada bir xil»

Toshkentning «Paxtakor» klubi bosh murabbiyi Murod Ismoilovning so`zlariga ko`ra, OChL-2013da «V» guruhida barcha jamoalarda imkoniyat teng.

6 dekabr kuni Kuala-Lumpurda 2013 yilgi Osiyo Chempionlar Ligasi bahslariga qur`a tashlash marosimi bo`lib o`tdi. Unga ko`ra, 2012 yilgi O`zbekiston chempioni, Toshkentning «Paxtakor» klubi Qatarning «Lahviya» va Saudiya Arabistonining «Al-Ittifoq» jamoalari bilan birga «V» guruhidan o`rin oldi. Guruhning to`rtinchi jamoasi nomi 9 fevral kuni o`tkaziladigan «Saboi Qum» (Eron) – «Ash-Shabob» (BAA) pley-off o`tish uchrashuvidan so`ng ma`lum bo`ladi.

«Guruhimizda yaqqol favorit yo`q, keyingi bosqich yo`llanmasini qo`lga kiritish uchun barcha jamoalarda imkoniyat teng, deb o`ylayman. Kimda kim alohida o`yinlarga yaxshiroq tayyorgarlik bilan kelsa, o`sha jamoa oxir-oqibat muvaffaqiyatga erishadi», - dedi «Paxtakor» ustozi.

«Paxtakor» bo`lajak bahslarga tayyorgarlikni 17 dekabr kuni boshlaydi. Dastlabki yig`in, 29 dekabrga qadar Toshkentda olib borilsa, 2-16 yanvar kunlari dastlabki xorij yig`ini BAAda tashkil etiladi. Tayyorgarlikning uchinchi bosqichi esa yanvarning oxiri – fevralning boshida Turkiyada o`tkazilishi rejalashtirilmoqda.

«Jamoalarga kimlar kelishi mumkinligi haqida hozir aniq bir fikr aytish qiyin, bu haqda, shartnomalar imzolanganidan so`ng rasman e`lon qilinadi. Biroq har bir chiziq bo`yicha tarkibni kuchaytirish foydadan holi bo`lmaydi. Yangi legioner futbolchilarni bo`lajak yig`inlarda sinab ko`ramiz, yangi mavsumda esa jarohatidan tiklanib safimizga qaytadigan Boyan Miladinovichdan umidimiz katta», - deya qo`shimcha qildi «Paxtakor» bosh murabbiyi Murod Ismoilov.

Eslatib o`tamiz, Toshkentning «Paxtakor» jamoasi Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish borasida rekordchi hisoblanadi. 2003 yilda tashkil etilgan musobaqada jamoa muntazam ishtirok etib kelmoqda. Jamoa 2003 va 2004 yilgi mavsumlarda musobaqa yarim finaliga qadar etib borgan.

mib
uzcard
cola
apex
bmb