
Eron Pro-ligasida ikkinchi o`rinni qo`lga kiritgan «Traktorsoziy» klubi yangi mavsumda Osiyo Chempionlar ligasida ilk bora ishtirok etadi.
Shuningdek, 6 dekabr, payshanba kuni bo`ladigan qur`adan so`ng 2013 yilgi Osiyo Chempionlar ligasini guruh bosqichidan boshlaydigan Eron chempioni «Sepohon» va Tehronning grand klublaridan biri – «Istiqlol» ham o`z raqiblari nomini bilib oladi. Eron Pro-ligasida to`rtinchi o`rinni egallagan «Saboi Qum» jamoasi esa guruh bosqichiga beriladigan ikki yo`llanmadan birini qo`lga kiritish uchun BAAning «Al-Nasr» yoki «Ash-Shabob» yoki O`zbekistonning «Lokomotiv» jamoalaridan qaysi biriga qarshi maydonga tushishi ma`lum bo`ladi.
2012 yilgi OChL finalchisi «Al-Ahli», mamlakat chempioni «Ash-Shabob», «Al-Hilol» va 2012 yilgi OFK Kubogi yarim finalchisi «Al-Ittifoq» klublari bilan birgalikda, Saudiya Arabistoni sharafini himoya qiladi. Qatar ham, xuddi o`tgan mavsumdagi kabi, to`rt klub bilan musobaqada ishtirok etadi. «Lahviya», «Al-G`arafa», «Al-Jaish va «Ar-Rayyan» klublari payshanba kuni bo`lajak qur`aga ko`p umid bog`lashmoqda, chunki 2012 yilgi musobaqada Qatarning birorta klubi guruhdan keyingi bosqichga chiqa olmagan edi.
BAA Pro-ligasi chempioni «Al-Ayn» va Kubok sohibi «Al-Jazira» avtomatik tarzda guruh bosqichiga yo`l olsa, «Ash-Shabob» va «An-Nasr» klublari pley-off bosqichida ishtirok etishadi. O`zbekiston chempioni, OChLning 2003 va 2004 yilgi yarim finalchisi «Paxtakor» G`arb mintaqasi jamoalari bilan bir guruhdan o`rin olsa, 2012 yilgi OChL yarim finalchisi «Bunyodkor», o`tgan mavsumdagi kabi, Osiyoning Sharqidagi jamoalarga qarshi bahs olib boradi.
Yaqindagina Yaponiya chempionligini qo`lga kiritgan Yaponiyaning «Sanfrechche Xirosima» klubi 2010 yildan beri birinchi marta OChLda ishtirok etadigan bo`ldi. U bilan birgalikda «Vegalta Senday» va 2007 yilgi OChL chempioni «Urava Reds» klublari ham musobaqada ishtirok etadi. OChL-2013da Yaponiya sharafini himoya qiladigan to`rtinchi jamoa nomi Yangi yil kuni bo`lib o`tadigan Imperator Kubogining final uchrashuvidan so`ng ma`lum bo`ladi.
Osiyo Chempionlar ligasining amaldagi g`olibi – «Ulsan Xyunday» klubi Janubiy Koreya chempionatida mavsumni kuchli to`rtlikda yakunlash uddasidan chiqa olmadi. Bittagina gol farqi sabab «Ulsan» to`rtinchi o`rinni egallagan «Suvon Blyuvingz»dan ortda qolib ketdi. «Suvon» bilan birgalikda, OChL-2013 guruh bosqichida 2010 yilgi OChL g`olibi «Poxang Stilerz», 2011 yilgi OChL finalchisi «Chonbuk Motors» va 2012 yilgi Janubiy Koreya chempioni «Seul» FK mamlakat sharafini himoya qiladi.
Shuningdek, Xitoyning «Guangchjou Evergrand», «Jiangsu Seynti», «Beyjing Guoan» va «Guijou Rene», Avstraliyaning «Sentral Kost Mariners» va Tailandning «Muangtong Yunayted» klublari ham OChL guruh bosqichidagi bahslarga qo`shilishadi. Sharqiy mintaqa pley-offida esa Tailandning «Buriram Yunayted» va Avstraliyaning «Brisben Roar» klublari guruh bosqichi yo`llanmasi uchun maydonga tushishadi.
Pley-off
«Saboi Qum» (Eron), «An-Nasr» (BAA), «Ash-Shabob» (BAA), «Lokomotiv» (O`zbekiston), «Buriram Yunayted» (Tailand), «Brisben Roar» (Avstraliya).
G`arb
«Ash-Shabob», «Al-Ahli», «Al-Hilol», «Al-Ittifoq» (barchasi – Saudiya Arabistoni), «Lahviya», «Al-G`arafa», «Al-Jaish», «Ar-Rayyan» (barchasi – Qatar), «Sepohon», «Istiqlol», «Traktorsoziy» (barchasi – Eron), «Al-Ayn», «Al-Jazira» (ikkisi ham – BAA) va «Paxtakor» (O`zbekiston).
Sharq
«Sanfrechche Xirosima», «Vegalta Senday», «Urava Reds», Imperator Kubogi sohibi (barchasi – Yaponiya), «Seul» FK, «Suvon Blyuvingz», «Chonbuk Motors», «Poxang Stilerz» (barchasi – Janubiy Koreya), «Guangchjou Evergrand», «Jiangsu Seynti», «Beyjing Guoan», «Guijou Rene» (barchasi – Xitoy), «Bunyodkor» (O`zbekiston), «Muangtong Yunayted» (Tailand), «Sentral Kost Mariners» (Avstraliya).
OFK rasmiy saytidan olindi.