
Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) jahon klublarining yangi reytingini e`lon qildi. Jahonning eng kuchli 400 klub qatoridan, noyabr oyi yakunlariga ko`ra, O`zbekistondan ikki klub o`rin olgan.
Noyabr oyi reytingi yakunlariga ko`ra, 2012 yilgi O`zbekiston chempioni, Toshkentning «Paxtakor» klubi 60 o`ringa pastlagan. Oktyabr oyi reytingida 251-o`rinni egallab turgan «Paxtakor» noyabr oyi yakuniga ko`ra 311-pog`onanini egallab turibdi. 2012 yilgi O`zbekiston Kubogi sohibi «Bunyodkor» esa, aksincha, reytingda yuqorilagan: Mirjalol Qosimov qo`l ostidagi jamoa bir oyda 23 o`ringa ko`tarilib, ayni vaqtda 131-o`rinni Tailandning «Buriram Yunayted» klubi bilan birga bo`lishib turibdi. O`z navbatida, «Bunyodkor» Osiyo miqyosida 12-pog`onani band etgan.
Osiyo miqyosida Janubiy Koreyaning «Ulsan Xyunday» (umumiy reytingda 35-o`rinda), «Poxang Stilerz» (70) va «Chonbuk Motors» (95) klublari etakchilik qilmoqda, kuchli o`nlikda esa «Kashiva Reysol» (Yaponiya, 102), «Istiqlol» (Eron, 104), «Al-Ittihod» (Saudiya Arabistoni, 110), «Tokio» FK (Yaponiya, 114), «Al-Hilol» (Saudiya Arabistoni, 115), «Al-Kuvayt» (Kuvayt, 117), «Guangchjou Evergrand» (Xitoy, 127) klublari bor. Tailandning «Chonburi» (128) klubi ham «Bunyodkor»dan yuqoriroq o`rinni band etgan.
Umumiy reytingda, jumladan, kuchli o`ntalikda ba`zi o`zgarishlar yuz bergan. Reytingni eng yuqori ikki pog`onasini mos ravishda Ispaniyaning «Barselona» va «Atletiko» (Madrid) klublari egallab turgan bo`lsa, o`tgan oy 3-o`rinda bo`lgan Chilining «Universidad» kubi 6-pog`onaga tushib ketgan, uning o`rniga bir oy avval 4-bo`lgan Argentinaning «Boka Xuniors» chiqib olgan. 4-o`rinni Angliyaning «Chelsi», 5-o`rinni esa Germaniyaning «Bavariya» klublari egallab turibdi. Kuchli 10likda shuningdek «Real (Madrid, 7), «Korintians» (Braziliya, 8), «Atletik Bilbao» (Ispaniya, 9), «Olimpik Lion» (Frantsiya, 10) klublari bor.
Reytingning to`liq ko`rinishi bilan IFFHS saytida tanishish mumkin.