
OFK Ijroiya qo`mitasi 2013 yilda Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etadigan mamlakatlar va ularga belgilangan kvotalarni tasdiqladi.
2013 yilgi OFK Chempionlar ligasida O`zbekistondan uchta jamoa ishtirok etadi – O`zbekistonga 2+1 ko`rinishida OFK Chempionlar ligasi yo`llanmasi berildi. Ikki jamoa musobaqalarga bevosita guruh bosqichidan qo`shiladi – O`zbekiston klublaridan biri Sharq, ikkinchisi esa G`arb mintaqasidan o`rin oladi; O`zbekistonning uchinchi jamoasi esa pley-off bahslarida ishtirok etadi – guruh bosqichi yo`llanmasi uchun O`zbekiston chempionati vakili BAA yoki Eron klublariga qarshi maydonga tushadi.
Shunday qilib, 2012 yilgi O`zbekiston chempioni – Toshkentning «Paxtakor» klubi 2013 yilgi OFK Chempionlar ligasini guruh bosqichidan boshlaydi.
30 noyabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Kubogi final uchrashuvida «Bunyodkor» «Nasaf»ni mag`lubiyatga uchratsa, Mirjalol Qosimov shogirdlari 2013 yilgi OFK Chempionlar ligasini guruh bosqichidan boshlaydi, uchinchi yo`llanma esa Oliy Liga bahslarida bronza medallarni qo`lga kiritgan Toshkentning «Lokomotiv» jamoasiga nasib etadi. Agar 2012 yilgi O`zbekiston Kubogi finalida «Nasaf» g`alaba qozonsa, u holda Qarshi klubi 2013 yilgi OFK Chempionlar ligasini guruh bosqichidan boshlaydi, «Bunyodkor» esa guruh bosqichi yo`llanmasi uchun pley-off bosqichida ishtirok etadi.
O`zbekistonning qaysi klubi Sharq, qaysinisi G`arb mintaqasidan o`rin olishi OChL va OFK Kubogi bahslariga qur`a tashlash marosimidan so`ng ma`lum bo`ladi.
Ma`lumot o`rnida, 2013 yilgi OFK Chempionlar ligasi formatiga kiritilgan o`zgarishlardan biri sifatida, nimchorak (1/16) final bahslari avvalgidek bitta emas, balki ikkita – o`yda-safarda o`yinlaridan iborat bo`lishini qayd etish mumkin.
OFK Chempionlar ligasi-2013 kvotalari
Sharq mintaqasi
Yaponiya – 4 (barchasi guruh bosqichi)
Janubiy Koreya – 4 (barchasi guruh bosqichi)
Xitoy – 4 (barchasi guruh bosqichi)
O`zbekiston – 1 (guruh bosqichi)
Avstraliya – 1+1 (guruh bosqichi + pley-off)
Tailand – 1+1 (guruh bosqichi + pley-off)
G`arb mintaqasi
Saudiya Arabistoni – 4 (barchasi guruh bosqichi)
Qatar – 4 (barchasi guruh bosqichi)
Eron – 3+1 (guruh bosqichi + pley-off)
BAA – 2+2 (guruh bosqichi + pley-off)
O`zbekiston – 1+1 (guruh bosqichi + pley-off)