
Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) jahon klublarining oktyabr oyi reytingini e`lon qildi. Unda O`zbekiston klublari soni 2tagacha kamaygan.
Oktyabr oyi reytingiga ko`ra, O`zbekistonning amaldagi chempioni – Toshkentning «Bunyodkor» klubi jahon reytingida 154-o`rinni egallab turibdi. Bu, o`tgan oygi natijadan 32 o`ringa yuqori natijadir. Toshkentning boshqa bir klubi – «Paxtakor» esa reytingda 14 o`ringa pastlagan. Bir oy avval 237-o`rinni band etgan jamoa bu safar 251-o`rinda qayd etilgan.
Yil boshidan beri IFFHS reytingida O`zbekistondan kamida uch klub bor edi, biroq oktyabr oyi natijalariga ko`ra Qarshining «Nasaf» klubi jahonning 400 klubi qatoridan chiqib ketdi. Sentyabr oyi reytingida OFK Kubogi-2011 g`olibi 367-pog`onadan joy olgandi.
Umumiy reytingda sezilarli o`zgarishlar kuzatilmagan. Kataloniyaning «Barselona» klubi hamon reytingda peshqadamlik qilayotgan bo`lsa, Ispaniyaning boshqa bir jamoasi, Evropa Ligasining amaldagi g`olibi – «Atletiko» 5-o`rindan 2-o`ringa chiqib olgan. Kuchli o`ntalikda, shuningdek, Chilining «Universidad de Chili» (3 –o`rin), Argentinaning «Boka Xuniors» (4), Ispaniyaning «Real» Madrid (5) va «Atletik» (9), Angliyaning «Chelsi» (6), Germaniyaning «Bavariya» (7), Braziliyaning «Korintians» (8) va Gollandiyaning «Tvente» (10) klublari o`rin olgan.
Osiyo miqyosida, yaqinda OChL-2012 yarim finali doirasida «Bunyodkor»ni ortda qoldirishga muvaffaq bo`lgan Janubiy Koreyaning «Ulsan Xyunday» (33) klubi peshqadamlik qilmoqda, kuchli uchlikdan, shuningdek, Janubiy Koreyaning «Poxang Stilerz» (75) va «Chonbuk Motors» (98) klublari ham o`rin olgan. OChL-2012 finalchisi – Saudiyaning «Al-Ahli» (123) klubi, Tailandning «Chonburi» (114) klubidan keyin, 10-o`rinni egallab turibdi.
To`liq reyting bilan IFFHS saytida tanishish mumkin.