
O`zbekistonning amaldagi chempioni – «Bunyodkor» 2012 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi final uchrashuvi yo`llanmasini qo`lga kirita olmadi.
31 oktyabr kuni Ulsan shahrida Janubiy Koreyaning «Ulsan Xyunday» va Toshkentning «Bunyodkor» klublari o`rtasida 2012 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi yarim final javob uchrashuvi bo`lib o`tdi. O`yin 1:0 hisobida maydon egalari g`alabasi bilan yakuniga etdi. Ikki o`yin natijasiga ko`ra «Bunyodkor»ni 4:1 hisobida mag`lubiyatga uchratgan «Ulsan Xyunday» 10 noyabr kuni bo`ladigan final uchrashuvini o`z maydonida o`tkazadigan bo`ldi.
Uchrashuvning birinchi bo`limi asosan «Bunyodkor» tashabbusi ostida o`tdi. Mirjalol Qosimov shogirdlari dastlabki 45 daqiqalik davomida kamida to`rt marta raqib darvozasini ishg`ol etish uchun qulay imkoniyatlarga ega bo`ldi. Biroq Shavkat Salomov, Jasur Hasanov va Kamoliddin Murzoev kabi futbolchilar yuzaga kelgan imkoniyatlardan foydalana olishmadi. Taym oxiriga borib «Ulsan» maydonda muvozanatni tiklashga muvaffaq bo`lib, bir qator xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdi. Biroq birinchi bo`limda hisob ochilmadi.
«Bunyodkor» futbolchilari ikkinchi bo`limni faollik bilan boshlashdi, biroq hisob Janubiy Koreya klubi tomonidan ochildi. Chap qanotdan etkazib berilgan to`pdan so`ng «Bunyodkor» markaziy himoyachisi Xayrulla Karimov to`pga chiqishda xatoga yo`l qo`yib, uni «Ulsan» hujumchisi Kim Shin Vukka qulay tarzda «tashlab berdi». Raqibning bo`ydor hujumchisi esa qulay vaziyatni qo`ldan chiqarmay, yaqin masofadan Ignatiy Nesterov darvozasini aniq nishonga oldi.
Shu holatda «Bunyodkor» ikki o`yin natijasiga ko`ra final yo`llanmasini qo`lga kiritish imkoniyatini nazariy jihatdan saqlab turgandi: agar Qosimov shogirdlari o`yin oxirigacha javobsiz uchta gol ura olishsa, o`yin qo`shimcha vaqtga ko`chgan bo`lar va o`zbekistonlik futbolchilarda yana 30 daqiqalik imkoniyat bo`lardi. Biroq 73-daqiqada «Ulsan» hujumchisi Li Kun Xo tomonidan urilgan gol barcha umidlarni yo`qqa chiqardi: qolgan 17 daqiqa ichida «Bunyodkor» 4ta gol urishi kerak edi. Biroq, baxtga qarshi, qolgan daqiqalar davomida Bahodir Pardaev ijrosida qaychi uslubidagi xavfli zarbalar ham golga aylanmadi, «Bunyodkor» esa o`z tarixida ikkinchi marta yarim final yo`llanmasini qo`ldan chiqardi.
«Ulsan» final uchrashuvida Saudiya Arabistoni klublaridan biriga qarshi maydonga tushadi. Jiddaning «Al-Ittihod» va «Al-Ahli» jamoalari o`rtasidagi dastlabki yarim final o`yinida «Ittihod» 1:0 hisobida g`alaba qozongan edi. Javob o`yini 31 oktyabr kuni «Al-Ahli» maydonida bo`lib o`tadi.
Osiyo Chempionlar Ligasi, yarim final, javob o`yini
31 oktyabr, chorshanba
«ULSAN XYuNDAY» (Janubiy Koreya) – «BUNYoDKOR» (O`zbekiston) 2:0 (0:0)
GOLLAR: Kim Shin Vuk (52), Li Kun Xo (74).
«ULSAN XYuNDAY»: Yung Kvang, Li Yung, Min Su, Kvak Te Xvi (Li Jae, 77), Li Xo (Ko Seul Ki, 60), Shin Vuk (Ko Chang Xyun, 73), Li Kun Xo, Seung Yong, Yong Sam, Rafinya, Velez.
«BUNYoDKOR»: Ignatiy Nesterov, Akmal Shorahmedov, Xayrulla Karimov (Dilshod Jo`raev, 80), Ruslan Melziddinov, Artyom Filiposyan, Viktor Karpenko (Alibobo Rahmatullaev, 77), Javlon Ibrohimov, Jasur Hasanov (Bahodir Pardaev, 64), Lutfulla To`raev, Shavkat Salomov, Kamoliddin Murzoev.
BOSh HAKAM: Abdulrahmon Abdu (Qatar).
«Ulsan Munsu» stadioni, Ulsan, Janubiy Koreya.