Mirjalol Qosimov: «Men shogirdlarim bilan faxrlanaman»

Janubiy Koreyaning «Ulsan Xyunday» jamoasiga qarshi o`yindan so`ng o`z fikrlari bilan o`rtoqlasharkan, «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov jamoasi o`tgan o`yinda juda ko`p xatoga yo`l qo`yganini tan oldi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekistonning amaldagi chempioni «Bunyodkor» hamda Janubiy Koreyaning «Ulsan Xyunday» jamoalari o`rtasidagi OChL-2012 yarim final dastlabki o`yini 3:1 hisobida koreyslar g`alabasi bilan yakuniga etdi. Javob o`yini 31 oktyabr kuni Janubiy Koreyada bo`lib o`tadi.

«Biz bugungi o`yinni o`zimiz raqibga sovg`a qilib yubordik. Bunday o`yinlarda bu qadar ko`p xato qilish yaramaydi. Masalan, birinchi javob golini o`tkazib yuborgan vaziyatimizda himoyachilarimiz ketma-ket uchta xatoga yo`l qo`yishdi. Biz bugun haddan tashqari ko`p xatoga yo`l qo`yganimiz uchun imkoniyatni boy berdik», - dedi «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.

«Javob o`yinida oson bo`lmaydi, lekin navbatdagi bahsga yigitlarni g`alabaga ruhlantirgan holda tayyorlashdan boshqa iloj yo`q. To`g`ri, o`z maydonimizda o`tgan o`yinda buncha ko`p xato qilib, bunday hisobda mag`lub bo`lgandan keyin futbolchilar ruhiy jihatdan sinib qolishi mumkin, biroq biz baribir ularning ruhini ko`tarib, g`alaba uchun maydonga chiqamiz», - dedi Mirjalol Qosimov.

«Biz hozir juda ham og`ir vaziyatga tushib qoldik. Javob o`yinida biz uchta to`p farqi bilan g`alaba qozonishimiz kerak. Raqibimiz ham o`z ustida ishlashdan to`xtab qolmaydi... Nima bo`lganda ham hayot davom etadi. Faqat bir narsa alam qilishi mumkin: vaqt o`tib men ham, futbolchilarimiz ham final ostonasiga etib kelib, hammasiga bir bahya qolganini tushunib etamiz. Bu yilgi OChL bahslari boshlanishidan avval bizni autsayder hisoblayotgan, hisobdan chiqarib bo`lgandi, biroq biz yarim finalgacha etib keldik. Shunday ekan, final bosqichi yo`llanmasini qo`lga kiritamizmi-yo`qmi, nima bo`lishidan qat`iy nazar o`z shogirdlarimga minnatdorchilik bildirishni xohlardim. Men ular bilan faxrlanaman», - dedi Mirjalol Qosimov.

mib
uzcard
cola
apex
bmb