OChL-2012, yarim final: «Bunyodkor» «Jar»da mag`lub bo`ldi

Toshkentning «Bunyodkor» klubi Osiyo Chempionlar ligasi yarim final dastlabki o`yinida Janubiy Koreyaning «Ulsan Xyunday» klubiga imkoniyatni boy berdi.

24 oktyabr kuni Toshkentdagi «Jar» stadionida O`zbekistonning amaldagi chempioni «Bunyodkor» hamda Janubiy Koreyaning 2011 yilgi vitse-chempioni «Ulsan Xyunday» jamoalari o`rtasi 2012 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi yarim final dastlabki uchrashuvi bo`lib o`tdi. Unda mehmonlar 2:1 hisobida g`alaba qozonishdi va javob o`yini oldidan final yo`llanmasini qo`lga kiritish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirishdi.

Uchrashuv «Bunyodkor»ning tezkor goli bilan boshlandi. O`ng qanotdan tashkil etilgan kombinatsiya «Bunyodkor»ning slovakiyalik yarim himoyachi Yan Kozakning raqib jarima maydonchasi pastlatib yo`llagan pasi bilan yakunlandi. Qulay tarzda etkazib berilgan va raqib himoyachilari tomonidan qarovsiz qoldirilgan to`pga hammadan birinchi bo`lib «Bunyodkor» yarim himoyachisi Javlon Ibrohimov etib keldi va Yong Kvang darvozasining o`ng pastki burchagini aniq nishonga oldi.

Janubiy Koreya jamoasi, baxtga qarshi, tezkor goldan o`zini yo`qotib qo`ymadi. Mirjalol Qosimov «Adeliaida Yunayted»ga qarshi o`yinda chetlatilgani sabab, murabbiy Aleksandr Volkov qo`l ostida maydonga chiqqan «Bunyodkor»ning hujumlarini munosib qaytarishga erishgan koreyslar, 30-daqiqaga kelib hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo`lishdi. Raqibning o`ng qanotdan boshlangan hujumi «Bunyodkor» jarima maydonchasiga chap qanotdan kirib kelgan Rafinyaning Ignatiy Nesterov yaqin burchagini aniq nishonga olishi biln yakunlandi. Birinchi bo`lim 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakuniga etdi.

Ikkinchi bo`limda Janubiy Koreya klubi yana ikki marta Ignatiy Nesterov darvozasini ishg`ol qilishga erishishdi. Dastlab, 53-daqiqada Kim Shin Vuk burchak to`pidan so`ng «Bunyodkor» darvozasini ishg`ol qilgan bo`lsa, 19 daqiqa o`tib Li Kun Xo jarima zarbasidan so`ng etkazib berilgan to`pni Nesterov darvozasiga to`g`rilab qo`ydi. E`tiborli tomoni, har ikkala vaziyatda ham raqib futbolchilari golni bosh bilan urishdi.

Uchrashuvning 77-daqiqasida «Bunyodkor»da hisobni qisqartirish uchunu qulay imkoniyat yuzaga kelgandi. O`z jarima maydonchasi ichida «Ulsan» sardori Kvak Tae Xvi to`pni qo`l bilan o`ynadi. Uchrashuv bosh hakami, amirlik Ali Hamad al-Badvaviy «Ulsan Xyunday» darvozasiga penalti belgiladi. Baxtga qarshi, Jasur Hasanov penaltidan unumli foydalana olmadi: uning zarbasi darvoza ustuniga tegib qaytdi. 3:1 hisobi o`yin oxirigacha saqlanib qoldi.

Ma`lumot o`rnida, Mirjalol Qosimov shogirdlari 2012 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi bahslari davomida Janubiy Koreya klublariga qarshi uch marta maydonga tushib, ularning barchasida g`alaba qozonishga muvaffaq bo`lgandi. E`tiborli tomoni, g`alabalarning ikkitasi safar o`yinlairda qo`lga kiritilgan.

«Ulsan Xyunday» va «Bunyodkor» jamoalari o`rtasidagi OChL-2012 yarim final javob uchrashuvi 31 oktyabr, chorshanba kuni Ulsanda bo`lib o`tadi. O`yin Toshkent vaqti bilan 15:30da boshlanadi. Agar ikki o`yin natijasiga ko`ra «Bunyodkor» musobaqaning final o`yini yo`llanmasini qo`lga kirita olsa, 2012 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi final uchrashuvini 10 noyabr kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadioni qabul qiladi.

Osiyo Chempionlar ligasi-2012, yarim final, dastlabki uchrashuv
«BUNYoDKOR» (O`zbekiston) – «ULSAN XYuNDAY» (Janubiy Koreya) 1:3 (1:1)
GOLLAR:
Javlon Ibrohimov (5) – Rafinya (30), Shin Vuk (52), Li Kun Xo (72).
AMALGA OShIRILMAGAN PENALTI: Jasur Hasanov (76, darvoza ustuni).
«BUNYoDKOR»: Ignatiy Nesterov, Akmal Shorahmedov (Bahodir Pardaev, 90), Artyom Filiposyan, Xayrulla Karimov, Sahob Jo`raev, Viktor Karpenko (Alibobo Rahmatullaev, 78), Javlon Ibrohimov, Lutfulla To`raev, Jasur Hasanov, Yan Kozak (Shavkat Salomov, 68), Kamoliddin Murzoev.
«ULSAN XYuNDAY»: Yong Kvang, Li Yong, Min Su, Te Xvi, Li Kun Xo (Sang Xyok, 90), Shin Vuk, Keun Xo, Seung Yong (Syong Ki, 79), Yong Sam, Rafinya (Maranxao, 83), Velez.
BOSh HAKAM: Ali Hamad al-Badvaviy (BAA).

24 oktyabr 2012 yil. Toshkent. «Jar» stadioni. 8500 tomoshabin. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb