
24 oktyabr kuni OChL 2012 yilgi mavsum dastlabki yarim final bahsida Toshkentning «Bunyodkor» klubi Janubiy Koreyaning «Ulsan Xyonde» jamoasini Toshkentda qabul qiladi. Mazkur bahs oldidan har ikkala jamoa bosh murabbiylari ishtirokida o`yinoldi matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob bergan «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov, final Toshkentda bo`lib o`tishi mumkinligini inobatga olib, mazkur uchrashuvda bor imkoniyatlar ishga solinishini ta`kidlab o`tdi.
«Uchrashuv juda qiyin kechishini oldindan tahmin qilish mumkin. Sababi, o`rtada final yo`llanmasi turibdi. Har ikkala jamoa ham bor mahoratini, bor imkoniyatini ishga soladi. Agar biz finalga yo`l olsak, final Toshkentda bo`lishini inobatga olib, bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Agarda shogirdlarim berilgan ko`rsatmalarni to`liq bajara olishsa, g`alaba biz tomonda bo`ladi. Uchrashuvda g`alaba qozonib, muxlislar ko`z o`ngida stadionni boshimizni tik ko`targancha tark etmoqchimiz» - dedi Mirjalol Qosimov.
Bunyodkor bosh murabbiyi, raqib jamoa - «Ulsan Xyonde» haqida to`xtalar ekan, bu jamoaning yarim finalga etib kelganininng o`ziyoq, klubning hozirgi kuchidan dalolat berayotganini aytib o`tdi.
«Raqib safida Janubiy Koreya terma jamoasiga nomzod bo`lgan bir necha futbolchilar bor. Masalan, 5-raqamdagi futbolchi Janubiy Koreya terma jamoasi sardori sanaladi. 9 va 11-raqamda to`p suradigan futbolchilarni ham alohida ta`kidlab o`tish lozim. Shuningdek jamoaning braziliyalik hamda kolumbiyalik ikki nafar legioner futbolchisini eslatib o`tish joiz. «Ulsan» aynan mana shu futbolchilarning yordamida mana shu bosqichgacha etib kelishdi. Jamoaning hujum chizig`i juda kuchli va biz buni jud yaxshi bilamiz» - dedi Mirjalol Qosimov.
Eslatib o`tamiz, «Bunyodkor» hamda «Ulsan Xyonde» klublari o`rtasidagi OChL-2012 yarim finali dastlabki uchrashuvi 24 oktyabr soat 18:00 da Toshkentdagi «JAR» stadonida bo`lib o`tadi.