
Toshkentning «Bunyodkor» hamda Janubiy Koreyaning «Ulsan Xyunday» klublari o`rtasidagi Osiyo Chempionlar ligasi yarim final dastlabki uchrashuvini amirlik hakamlar brigadasi boshqarib boradi.
24 oktyabr, chorshanba kuni Toshkentning «Bunyodkor» klubi Osiyo Chempionlar ligasi yarim final dastlabki o`yinlari doirasida Janubiy Koreyaning «Ulsan Xyunday» jamoasini qabul qiladi. Toshkentda bo`lib o`tadigan o`yinni Ali Hamad al-Badvaviy boshchiligidagi amirlik hakamlar brigadasi boshqarib boradi.
Unga qanotlarda Solih Muhammad al-Marzuqiy va Umar Sulaymon al-Humoudiy yordam bersa, Abdulla Hasan Muhammad to`rtinchi hakam sifatida ko`rsatilgan.
Ali Hamad al-Badvaviy 2012 yilgi mavsumda «Bunyodkor» ishtirokidagi bitta uchrashuvda hakamlik qilgan. Guruh bosqichi 2-tur o`yinlari doirasida Janubiy Koreyada bo`lib o`tgan «Poxang Stilerz»ga qarshi o`yinda Mirjalol Qosimov shogirdlari 2:0 hisobida g`alaba qozonishgan.
Bundan tashqari, Badvaviy Chempionlar Ligasi guruh bosqichida yana uchta o`yinda («Brisben Roar» – «Beyjing Guoan» 1:1, «Syongnam Ilva» – «Nagoya Grempus» 1:1, «Kashiva Reysol» – «Guangchjou Evergrand» 0:0) hakamlik qilgan bo`lib, ularning birortasi maydon egalari g`alaba qozonishmagan.
Eslatib o`tamiz, «Bunyodkor» va «Ulsan Xyunday» jamoalari o`rtasidagi javob uchrashuvi 31 oktyabr kuni Janubiy Koreyada bo`lib o`tadi.