
Toshkentning «Bunyodkor» klubi OChL chorak final javob uchrashuvida Avstraliyaning «Adelaida» klubini ikki o`yin natijasiga ko`ra 5:4 hisobida mag`lub etdi va o`z tarixida ikkinchi bor OChL yarim finali yo`llanmasini qo`lga kiritdi.
Avstraliyada kechgan chorak finalning dastlabki uchrashuvida 2:2 hisobi qayd etilgandi. Toshkentdagi JAR stadionida o`tkazilgan javob uchrashuvining asosiy vaqti ham huddi shunday hisobda o`z yakuniga etdi. Qo`shimcha vaqtda esa, omad «Bunyodkor» ga kulib boqdi.
Uchrashuv «Bunyodkor»ning ustunligida boshlangan bo`lsada, uchrashuvda birinchi bo`lib hisobni ochish avstraliyaliklarga nasib etdi. Uchrashuvning 4-daqiqasidayoq qarshi hujumga uyushtirgan «Adelaida» hisobni ochadi. Avstraliyadagi uchrashuvda ham «Bunyodkor» darvozasini birinchi bo`lib ishg`ol qilgan Yan Remsi Toshkentdagi uchrashuvda ham Nesterov darvozasini birinchi bo`lib ishg`ol qila oldi.
Shundan keyin tashabbusni qo`liga olgan Bunyodkor 20 daqiqada hisobni tenglashtirishning uddasidan chiqdi. O`ng qanotdan Karpenkoning havolatib uzatgan to`pini Lutfulla To`raev boshi bilan raqibi darvozasiga joylab qo`ydi - 1:1.
Birinchi bo`lim aynan shunday hisobda yakuniga etdi. Ikkinchi bo`lim ham huddi birinchi bo`lim stsenariysi osida kechdi. «Adelaida yana hisobga oldinga chiqib oldi. «Bunyodkor» esa, uni yana tenglashtirishning uddasidan chiqdi. «Adelaida»ning kam sonli hujumlaridan biri yana gol bilan yakunlandi. O`yinning 63-daqiqasida J.Nyuman yana mehmonlarni oldinga olib chiqdi. Shundan keyin «Bunyodkor»ning vazifasi yanada og`irlashdi. Endi maydon egalari yarim final yo`llanmasini qo`lga kiritishlari uchun raqib darvozasini ikki bora nishonga olishlari talab etilardi. Vazifa esa uddalandi.
Avvaliga Akmal Shorahmedov uchrashuvning 73-daqiqasida Galekovich qo`riqlayotgan darvozani yana bir bora nishonga oldi va ikki o`yin natijasiga ko`ra hisobni teng ko`rinishga olib keldi. Uchrashuvning asosiy vaqti huddi birinchisi kabi 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi va jamolar yana 15 daqiqadan iborat ikki qo`shimcha bo`lim o`ynashlariga to`g`ri keldi. Biroz toliqqanlariga qaramay, «Bunyodkor» qo`shimcha vaqtda ham raqibidan ustunlik qildi. Bu orada har ikkala jamoadan ham bittadan futbolchi ikkinchi bora ogohantirilganligi uchun maydondan chetlatilganini qayd etib o`tish kerak.
Qo`shimcha bo`limning ikkinchisi o`tib borayotgan bir vaziyatda, aniqrog`i uchrashuvning 114-daqiqasida zahiradan maydonga tushirilgan Alibobo Rahmatullaev boshi bilan Galekovich qo`riqlayotgan darvozasini ishg`ol etdi va «Bunyodkor»ning 3:2 hisobidagi g`alabasini ta`minladi.
Ushbu g`alabadan so`ng «Bunyodkor» o`z tarihida ikkinchi marotaba OChL yarim finaliga yo`llanma oldi. Endi «Bunyodkor» yarim finalda Saudiya Arabistonining «Al Hilol» hamda Janubiy Koreyaning «Ulsan» juftligi g`olibi bilan to`p suradi.
OSIYo ChEMPIONLAR LIGASI. ChORAK FINAL. JAVOB UChRAShUVI
«BUNYoDKOR» - «ADELAIDA YuNAYTED» - 3:2. Asosiy vaqt - 2:2, qo`shimcha bo`limlar - 1:0.
Hakamlar: Ibrohim Abdulnabi, Muhammad Salmon, Said Jalol Alaviy, Muhammad Jamil Juma (barchasi – Bahrayn)
Nazoratchi: Xusayn Asqariy (Eron)
Gollar: Lutfulla To`raev (20), Akmal Shorahmedov (73), Alibobo Rahmatullaev (114) — Yan Remsi (4), Nyuman (63)
«BUNYoDKOR»: 12. Ignatiy Nesterov, 2. Akmal Shorahmedov, 4. Xayrulla Karimov, 6. Anvar G`ofurov, 8. Javlon Ibrohimov, 13. Lutfulla To`raev, 16. Artyom Filiposyan, 17. Kamoliddin Murzoev, 19. Jasur Hasanov, 22. Viktor Karpenko (Alibobo Rahmatullaev 71), 33. Yan Kozak (Anvarjon Soliev 66, Shavkat Salomov 105).
«ADELAIDA YuNAYTED»: 1. Evgen Galekovich, 4. Jonatan MakKeyn, 5. Kassio, 9. Serjino van Diyk (Osama Malik 90+1), 10. Dario Vidoshich, 14. Kemeron Uotson, 16. Deniel Boyles, 17. Yan Remsi (Bryus Djayt 113), 18. Fabian Barbiero, 22. Eyn Fayf, 23. Evan Kostapulos (Jeronimo Nyuman 61)
Ogohlantirishlar: Jasur Hasanov (65), Javlon Ibrohimov (75), Anvar G`ofurov (87) — Evan Kostopoulos (31), Daniel Bovles (55), Dario Vidoshich (65
Chetlatishlar: Anvar G`ofurov (105, ikkinchi sariq kartochka) — Fabian Barbiero (89, ikkinchi sariq kartochka), Yan Fayf (119)
Dastlabki o`yin - 2:2.