Beshinchi to`qnashuv

19 sentyabr kuni 2012 yilgi Osiyo Chempionlar Ligasi chorak final bahslari start oladi. Bosqich o`yinlari doirasida Toshkentning «Bunyodkor» klubi chorshanba kuni Avstraliyaning «Adelaida Yunayted» klubi mehmoni bo`ladi. Chorak final o`yinlari «Osiyo futboli ocharchilikka qarshi» shiori ostida o`tkaziladi. O`yin 19 sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:00da boshlanadi va u O`zMTRK "Sport" teleradiokanali orqali jonli namoyish etilishi rejalashtirilgan.

Befoyda g`alaba
«Bunyodkor» va «Adelaida» shu kungacha o`zaro to`rt marta ro`baro` kelishgan. Dastlabki to`qnashuvlar 2008 yilgi Chempionlar Ligasining yarim final bosqichida bo`lib o`tgan. O`shanda, «Bunyodkor» o`z yarim final juftligida yaqqol favorit sifatida e`tirof etilganiga qaramay, tarkibida Rivaldo, murabbiyi Ziko bilan birga Adelaida safaridan 0:3 hisobidagi mag`lubiyat bilan qaytgandi. Toshkentda bo`lib o`tgan javob uchrashuvida esa Bahodir Pardaev tomonidan kiritilgan yagona gol «Bunyodkor»ning finalga chiqishi uchun etarli bo`lmagandi.

So`nggi ikki o`yin esa 2012 yilda, OChL guruh bosqichi doirasida bo`lib o`tdi. Baxtga qarshi, «Bunyodkor» bu safar ham «Adelaida»ga qarshi o`yinlarda favorit sifatida e`tirof etilgandi, biroq birinchi, buning ustiga Toshkentda o`tkazilgan o`yinda «Bunyodkor» raqibga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Safarda bo`lib o`tgan javob uchrashuvida esa hisob ochilmadi – 0:0.

«Xato qilish mumkin emas»


«Uchrashuv bizga ham, raqibga ham oson bo`lmaydi. Har ikkala klub ham bir-birlarini juda yaxshi biladi. «Adelaida Yunayted» bilan guruh bosqichi doirasida o`tgazgan o`yinlarimiz ortda qoldi. Chorak final bosqichidagi bahs tamomila boshqacha. Har bir xato qimmatga tushishi mumkin. Har qanday holatda ham men bir narsani ta`kidlamoqchiman – bizning jamoamizda haqiqiy professionallar jamlanishgan. Shunday ekan, parvozlar ham, chempionatdagi mag`lubiyat ham bizga hech qanday qiyinchilik tug`dirmaydi. O`tkazadigan har bir uchrashuvimiz qanday natija bilan yakunlanishidan qat`i nazar biz ortda qolgan kunni unutamiz va yangisiga tayyorgarlik ko`ramiz», - «Bunyodkor» bosh murabbiyi
Mirjalol Qosimov.


«Bunyodkor» bilan avvallari ham, bu mavsumda ham o`ynaganmiz. Bu jihat esa o`yinga to`g`ri taktika tanlashimizda bizga qo`l kelishi kerak. Asosan o`z maydonimizda bo`ladigan bahsda muvaffaqiyat qozonishni o`ylayapmiz. «Bunyodkor»ning o`yin uslubi butkul o`zgarib ketadi deb o`ylamayman. Raqibimiz bizga va «Sonnam Ilxva Chonma» klublariga qarshi qanday o`ynagan bo`lsa, ertaga ham shu uslubdan voz kechmasa kerak. Agar biz o`z o`yinimizni ko`rsata olsak, yakuniy natija ijobiy bo`ladi. O`yinga turli xil taktika qo`llash mumkin. Agar shogirdlarimdan biri berilgan ko`rsatmalarni bajara olmasa yoki raqib o`ta kuchli o`yin ko`rsatadigan bo`lsa u holda o`yin paytida uslubni o`zgartiramiz», - «Adelaida Yunayted» bosh murabbiyi
Jon Kosmina.

Hakamlar


«Bunyodkor» hamda «Adelaida Yunayted» o`rtasidagi o`yinni Abdulloh al-Hiloliy boshchiligidagi ummonlik hakamlar brigadasi boshqarib boradi. 2012 yilgi mavsumda ushbu hakam, musobaqa «A» guruhidan o`rin olgan Tehronning «Istiqlol» hamda Qarshining «Nasaf» jamoalari o`rtasidagi o`yinni ham
boshqarib borgandi.

«ADEALIDA YuNAYTED» (Avstraliya) – «BUNYoDKOR» (O`zbekiston)
Bosh hakam:
Abdulloh al-Hiloliy (Ummon).
Yon qanot hakamlari: Hamid al-Mayohiy, Said al-G`afforiy (ikkisi ham – Ummon).
To`rtinchi hakam: Ibrohim al-Husniy (Ummon).
Nazoratchi: Subramaniam Selirajen (Malayziya).

mib
uzcard
cola
apex
bmb