
Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) jahon klublarining avgust oyi reytingini e`lon qildi. Unga ko`ra, kuchli 400talikdagi O`zbekiston klublari soni bittaga kamaygan.
IFFHSning avgust oyi reytingida O`zbekiston klublari bir oy avvalgiga nisbatan salbiy natijalarni qayd etishgan. Jumladan, bir oy avval 142-o`rinda bo`lgan «Bunyodkor» bu safar 199-o`rinni Norvegiyaning «Tromso», Polshaning «Visla» (Krakov) jamoalari bilan bo`lishib turgan bo`lsa, «Paxtakor» 222-o`rindan 284-o`ringa sho`ng`ib, Kanadaning «Toronto» klubi bilan bir xil natijani qayd etgan.
Yil boshida Osiyoning eng kuchli 10 klubidan biri sifatida qayd etilgan Qarshining «Nasaf» jamoasi yuz o`rindan ko`proqqa pastlagan. Iyul oyi reytingiga ko`ra 211-o`rinda borgan bugun 314-o`rinni jami to`qqiz klub bilan bo`lishib turibdi. Bir oy avval jahon reytingida 394-pog`onani band etgan Farg`onaning «Neftchi» klubi esa bu safar ro`yxatdan chiqib ketgan.
Osiyo klublari orasida Janubiy Koreyaning «Ulsan Xyonday» jamoasi birinchi bo`lib turibdi (jahon reytingida 58-o`rinda). Umuman, 2012 yilgi Osiyo Chempionlar Ligasi chorak finalchilaridan ro`yxatda jami to`rtta klub o`rin olgan. Bular, «Ulsan»dan tashqari – Eronning «Sepohon» (Osiyoda 5, jahonda 99) hamda Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» (7, 108) va «Al-Ittihod» (8, 118) jamoalaridir. Osiyoning kuchli o`ntaligiga kirmagan, biroq OChL chorak final yo`llanmasini qo`lga kiritgan klublar orasida, «Bunyodkor»dan tashqari, Saudiya Arabistonining «Al-Ahli» (jahonda 179), Avstraliyaning «Adelaida Yunayted» (203) va Xitoyning «Guangchjou» (213) klublari bor.
Umumiy reytingda hamon Kataloniyaning «Barselona» klubi peshqadamlik qilmoqda. Undan keyingi o`rinlarda Chilining «Universidad», Ispaniyaning «Real», Argentinaning «Boka Xuniors» hamda Londonning «Chelsi» jamoalari bormoqda. Evropa Superkubogi uchrashuvda «Chelsi»ni 4:1 hisobida mag`lubiyatga uchratgan Evropa Ligasi g`olibi – Madridning «Atletiko» klubi jahon reytingida 6-o`rinni band etgan.
Ma`lumot o`rnida, jahon reytingining umumiy ro`yxati hamda qit`alar bo`yicha kuchli o`nliklar bilan tashkilot rasmiy saytida tanishish mumkin.