
O`zbekiston Oliy Ligasi klublarining OFK Chempionlar Ligasi talablariga muvofiqligini tekshirish uchun 2 avgust kuni O`zbekistonga kelgan OFK maxsus taftish komissiyasi 9 avgust kuni o`z ishini yakunlaydi.
O`tgan etti kun davomida olti nafar mutaxassisdan iborat OFK komissiyasi Oliy Liganing 12 klubi infratuzilmasi, uy stadioni va mashg`ulot maydonlari bilan tanishib chiqdi. Eng so`nggi bo`lib vodiy klublari tekshiruvdan o`tdi. Tashrif davomida, 3 avgust kuni Oliy Liga 14-tur o`yinlari doirasida Buxoroda bo`lib o`tgan «Buxoro» – «Neftchi» o`yini tashkil etilishi ham ko`rib chiqildi.
OFK taftish komissiyasining tashrif dasturiga ko`ra, tashrifning so`nggi kunida jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani o`tkaziladi. Matbuot anjumani 9 avgust kuni soat 11:30da O`FF anjumanlar zalida boshlanadi. Unda jurnalistlar OFK komissiyasi ishi bo`yicha o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob topishlari mumkin.
Eslatib o`tamiz, OFKning ushbu taftish komissiyasi xulosasiga ko`ra, 2013 yilda Osiyo Chempionlar Ligasida O`zbekistondan qatnashadigan klublar soni aniqlanadi. Ma`lumot o`rnida, 2012 yilgi OChL bahslarida O`zbekistondan bitta klub («Neftchi») pley-off bahslarida, uchta jamoa esa («Bunyodkor», «Nasaf», «Paxtakor») guruh o`yinlarida ishtirok etdi. Ayni vaqtda, «Bunyodkor» OChL chorak finalchisi hisoblanadi.