«OFK taftish komissiyasining tashrifi o`zbek futboli uchun foydali bo`ladi»

2 avgust kuni O`zbekistonga tashrif buyurgan OFK maxsus taftish komissiyasi Oliy Liga klublarini Osiyo Chempionlar Ligasi talablariga muvofiq kelishi bo`yicha tekshirishni davom ettirmoqda.

Tashrif avvalida O`FF va O`zPFL rahbarlari hamda komissiya vakillari o`rtasida o`zaro uchrashuv bo`lib o`tdi. OFK taftish komissiyasini O`zbekistonda yana bir bor ko`rishdan xursand ekanligini ta`kidlagan O`FF bosh kotibi Sardor Rahmatullaev, jumladan, shunday dedi: «Oliy Ligani rivojlantirish bo`yicha izchil ish olib bormoqdamiz. Umid qilamizki, OFK komissiyasi yaxshi taassurotlar bilan qaytadi».

«Osiyo Chempionlar ligasi nafaqat klublarning o`zi, balki Oliy Liga va umuman o`zbek futboli uchun muhimdir, shuning uchun biz ham o`z ligamizni kuchaytirish yo`lida bor kuchimiz bilan ish olib boramiz», - deya qo`shimcha qildi Rahmatullaev.

9 avgustga qadar O`zbekistonda bo`ladigan OFK taftish komissiyasi rahbari Styuart Ramalingamning so`zlariga ko`ra, bu yilgi tashrif davomida 2011 yildagidan keyingi o`sish, rivojlanish natijalari ko`rib chiqiladi.

«Umid qilamanki, tashrif samarali bo`ladi va Oliy Liga hamda unda ishtirok etayotgan klublarning rivojlanishiga yordam beradi. Biz bu erga faqat tekshirish uchun kelganimiz yo`q, biz federatsiya, liga va klublar bilan o`z tajribamizni ham bo`lishamiz», - dedi OFK mutaxassisi.

OFKning ushbu taftish komissiyasi xulosasiga ko`ra, 2013 yilda Osiyo Chempionlar Ligasida O`zbekistondan qatnashadigan klublar soni aniqlanadi. Ma`lumot o`rnida, 2012 yilgi OChL bahslarida O`zbekistondan bitta klub («Neftchi») pley-off bahslarida, uchta jamoa esa («Bunyodkor», «Nasaf», «Paxtakor») guruh o`yinlarida ishtirok etdi. Ayni vaqtda, «Bunyodkor» OChL chorak finalchisi hisoblanadi.

OFK taftish komissiyasining ish rejasi bilan bu erda tanishish mumkin.

mib
uzcard
cola
apex
bmb