
«Osiyo futboli ochlikka qarshi» kampaniyasi 2012 yilning sentyabr – noyabr oylarida davom ettiriladi.
Bugungi kunda butun jahon bo`ylab 1 milliardga yaqin kishi oziq-ovqat etishmovchiligidan qattiq aziyat chekmoqda. Osiyo mamlakatlarida ham millionlab oilalarni qamrab olgan ocharchilikka qarshi kurashda professional futbol rag`bat, e`tibor va moddiy yordam ko`rsatish imkoniyatiga, qudratiga ega.
Xuddi shu maqsadda 2010 yili Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) hamda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO) o`rtasida hamkorlik o`rnatilgan bo`lib, 2011 yil davomida qit`a bo`ylab ocharchilikka qarshi kurashga qaratilgan 42ta qo`shma loyiha moliyalashtirilgan edi.
«Osiyo futboli ocharchilikka qarshi» kampaniyasi OFK Chempionlar Ligasining pley-off bosqichi o`yinlarida ham davom etadi. 2012 yilning sentyabr – noyabr oylari davomida OFK, kampaniya doirasida, musobaqaning bu bosqichida ishtirok etadigan sakkiz jamoa – «Ulsan Xyonde» (Janubiy Koreya), «Sepohon» (Eron), «Guangchjou Evergrand» (Xitoy), «Adelaida Yunayted» (Avstraliya), «Al-Ahli», «Al-Hilol» (Saudiya Arabistoni) va «Bunyodkor» jamoalari bilan hamkorlikda ish olib boradi.
Shu munosabat bilan Toshkentning «Bunyodkor» jamoasi sardori Viktor Karpenko «Osiyo futboli ochlikka qarshi» kampaniyasi elchisi etib tayinlandi.
Eslatib o`tamiz, OChL chorak final o`yinlari 19 sentyabr va 3 oktyabr kunlari bo`lib o`tadi. Toshkentning «Bunyodkor» jamoasi dastlab «Adelaida Yunayted» mehmoni bo`lsa, 3 oktyabr kuni avstraliyaliklarni qabul qiladi.