
Osiyo chempionlar ligasida yurishini davom ettirayotgan Toshkentning «Bunyodkor» klubi yarim final yo`lida Avstraliyaning «Adelaida Yunayted» klubiga qarshi kurash olib boradi.
OFKning Kuala-Lumpurdagi shtab-kvartirasida Toshkent vaqti bilan 13:00da bo`lib o`tgan qur`aga ko`ra, Mirjalol Qosimov boshqaruvidagi «qaldirg`ochlar» o`z guruhlaridagi raqib bilan qayta to`qnash keladigan bo`lishdi. Sharqiy mintaqaning «E» guruhini avstraliyaliklar 1-o`rinda yakunlagan bo`lishsa, «Bunyodkor» 2-o`rin sohibi sifatida nim chorak final chiptasiga ega chiqqandi. Toshkentdagi o`yinda mehmonlar 2:1 hisobida muvaffaqiyat qozonishgan. Adelaidada bo`lib o`tgan javob o`yinida esa hisob ochilmagan – 0:0. Aynan javob bellashuvidan keyin «Bunyodkor» guruhda birinchi bo`lish imkonini qo`ldan chiqargan.
Qayd etish kerak, «Bunyodkor» Osiyo chempionlar ligasida ishtirok etgan ilk mavsumda ham «Adelaida» bilan to`qnash kelgan. Yarim finalning dastlabki o`yinini o`z maydonida o`tkazgan Avstraliya klubi 3:0 hisobida ustun kelgan. Toshkentdagi javob o`yinida esa mezbonlar zafar quchishgan – 1:0. Bunga qadar jamoani yarim finalga qadar boshlab kelgan Mirjalol Qosimov, milliy terma jamoadan tushgan taklif sabab «Bunyodkor»ni Zikoga topshirgandi. Biroq braziliyalik mutaxassis Avstraliya jamoasi qarshiligini sindira olmagan.
Agar Toshkent klubi OChL finaliga qadar etib borsa, hal qiluvchi bellashuv Toshkentda bo`lib o`tadi. Chorak finalda «Bunyodkor» raqibini enga olsa, «Ulsan Xyunday» va «Al-Hilol» juftligi g`olibi bilan final sari kurash olib boradi.
Chorak finalning dastlabki o`yinlari 19 sentyabr kuni bo`lib o`tadi va shu kuni «Bunyodkor» Avstarliyada saf tortadi. Javob bellashuvlari 2-3 oktyabr sanalaridan birida bo`lib o`tadi. Yarim final o`yinlari 24 va 31 oktyabrga tayin qilingan. Final 9 yoki 10 noyabr kunlaridan birida o`tishi rejalashtirilgan.
ChORAK FINAL
19.09.2012 — 2-3.10.2012
«Al-Ittixod» (Saudiya Arabistoni) – «Guanjou» (Xitoy)
«Sepaxan» (Eron) - «Al-Ahli» (Saudiya Arabistoni)
«Adelaida Yunayted» (Avstraliya) - «Bunyodkor» (O`zbekiston)
«Ulsan Xyunday» (Janubiy Koreya) - «Al Hilol» (Saudiya Arabistoni)
YaRIM FINAL
24.10.2012 — 31.10.2012
1-chorak final g`olibi – 2-chorak final g`olibi
3-chorak final g`olibi – 4-chorak final g`olibi
FINAL
9-10.11.2012