
Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) jahon klublarining may oyidagi reytingini e`lon qildi. Unda O`zbekistondan faqat bitta klub o`sishga erishgan.
IFFHSning may oyi uchun reytingida O`zbekistonda uchta klub o`rin olgan. O`zbekiston vitse-chempioni, Qarshining «Nasaf» klubi 127 o`ringa pastlab, 167-o`rindan 294-o`ringa tushib ketgan bo`lsa, O`zbekiston Kubogi sohibi, Toshkentning «Paxtakor» klubi 256-o`rindan yana etti o`rin pastga tushgan.
Faqatgina amaldagi O`zbekiston chempioni, Toshkentning «Bunyodkor» klubi reytingda o`sishga muvaffaq bo`lgan. May oyi davomida birorta ham uchrashuvda mag`lubiyatga uchramagan, shuningdek, o`z darvozasidan birorta ham to`p olib chiqmagan Mirjalol Qosimov shogirdlari 242-o`rindan 167-o`ringa, ya`ni, 75 o`ringa yuqorilashga muvaffaq bo`lishdi.
O`zbekiston klublari may oyi reytingida Osiyoning eng kuchli o`nta jamoasi qatoriga kira olishmadi. Ayni vaqtda, Janubiy Koreyaning «Ulsan Xyonde» klubi Osiyoning eng kuchli jamoasi sifatida e`tirof etilmoqda. Undan keyingi o`rinlarda Yaponiyaning «Kashiva Reysol», Janubiy Koreyaning «Chonbuk Motors», Yaponiyaning «Nagoya Grempus» klublari o`rin olgan. Kuchli beshlikni Janubiy Koreyaning «Suvon Blyuingz» klubi egallab turibdi.
OChL nimchorak finalida «Bunyodkor»ga imkoniyatni boy bergan Janubiy Koreyaning «Syongnam Ilva» jamoasi esa 8-pog`onani band etgan. MDH miqyosida Xarkov (Ukraina)ning «Metallist» jamoasi peshqadam bo`lib turibdi.
Umumiy reytingda hamon Kataloniyaning «Barselona» klubi peshqadamlik qilmoqda. Undan keyin Chilining «Universidad», Ispaniyaning «Real» (Madrid), «Atletiko» (Madrid), shuningdek, Germaniyaning «Bavariya» klublari o`rin olgan. Evropa Chempionlar Ligasi g`olibi, Londonning «Chelsi»klubi 6-o`rinda bormoqda.