
Toshkentning «Bunyodkor» klubi Osiyo Chempionlar Ligasi chorak final yo`llanmasini qo`lga kiritdi.
29 may, seshanba kuni Osiyo Chempionlar Ligasi nimchorak final uchrashuvlari doirasida navbatdagi o`yinlar bo`lib o`tdi. O`zbekistonning amaldagi chempioni, Toshkentning «Bunyodkor» klubi 2011 yilgi Janubiy Koreya kubogi sohibi «Syongnam Ilva» klubiga qarshi safarda maydonga tushdi.
Syongnamdagi «Tancheon Sport Kompleksi»da bo`lib o`tgan, eronlik Muhsin Turkiy boshqarib borgan o`yin taqdirini «Bunyodkor» himoyachisi Xayrulla Karimov tomonidan penaltidan urilgan gol hal qildi. Penalti «Syongnam» futbolchisi Li Chjon Yon Kamoliddin Murzoevga nisbatan jarima maydonchasi ichida o`yin qoidasini buzgani uchun belgilangan edi.
Shunday qilib, «Bunyodkor» ikki yillik tanaffusdan so`ng yana Osiyo Chempionlar Ligasi chorak final bosqichi yo`llanmasini qo`lga kiritdi. Ta`kidlash joiz, Toshkent klubi bu mavsum Janubiy Koreya klublariga qarshi o`tkazilgan uchrashuvlarning birortasida ham mag`lubiyatga uchramadi. Jumladan, guruh bosqichida «Poxang Stilerz»ga qarshi safarda o`tkazilgan o`yinda 2:0 hisobida g`alaba qozongan Mirjalol Qosimov shogirdlari Toshkentda bo`lib o`tgan javob bahsida 1:0 hisobida muvaffaqiyatga erishib, nimchorak final bosqichi yo`llanmasini qo`lga kiritgan edi.
«Bunyodkor»ning chorak finaldagi raqibi 14 iyun kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda bo`ladigan qur`a tashlash marosimidan so`ng aniq bo`ladi. Ayni vaqtgacha Saudiya Arabistonining «Al-Ahli», «Al-Ittihod» va «Al-Hilol», Eronning «Sepohon» hamda «BUnyodkor»ning guruh bosqichidagi raqiblaridan biri – Avstraliyaning «Adelaida Yunayted» klublari chorak final bosqichi yo`llanmalarini qo`lga kiritib bo`ladigan. 30 may kuni bo`ladigan «Ulsan Xyunde» – «Kashiva Reysol» hamda «Guangchjou Evergrand» – «Tokio» FK uchrashuvlaridan so`ng yarim final yo`llanmalari uchun kurash olib boradigan barcha jamoalar nomi ma`lum bo`ladi.
Chorak final bosqichining dastlabki uchrashuvlari 19 sentyabr, javob o`yinlari 2-3 oktyabr kunlari bo`lib o`tadi.
OChL, nimchorak final uchrashuvi
29 may, seshanba
«Syongnam Ilva» (Janubiy Koreya) – «Bunyodkor» (O`zbekiston)
Gol: Xayrulla Karimov (52, penalti).