
Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichi so`nggi turini Qarshida o`tkazgan O`zbekiston vitse-chempioni «Nasaf» musobaqani 1 ochko bilan tark etdi.
«A» guruhida BAAning «Al-Jazira», Eronning «Istiqlol», Qatarning «Ar-Rayyan» klublariga qarshi kurash olib borgan Ro`ziqul Berdiev shogirdlari OChLdagi debyut mavsumda birorta ham g`alabani qo`lga kirita olishmadi. 6-turdan o`rin olgan Eron klubiga qarshi o`yinning 10-daqiqasida Jerkovich forslarni oldinga olib chiqqan bo`lsa, 50-daqiqada Jabari farqni 2taga etkazib qo`ydi. 68-daqiqaga kelib «Istiqlol» maydonda bir kishi kam qolganiga qaramay, uchrashuvda hisob boshqa o`zgarmadi – 0:2.
Mazkur g`alabadan keyin «Istiqlol» ikkinchi o`yin natijasidan qat`iy nazar guruhda 2-o`rinni qo`lga kiritdi. Qayd etish kerak, Amirliklarning «Al-Jazira» klubi bir tur avval nim chorak final masalasini ijobiy hal qila olgandi. O`tkazilgan 6ta o`yinning faqat 1tasida durang o`ynagan «Nasaf», raqiblar darvozasini 4 bor ishg`ol qildi va o`z darvozasidan 14ta gol olib chiqdi.