
O`zbekiston chempioni «Bunyodkor» ketma-ket beshinchi bor Osiyo Chempionlar Ligasi pley-off bosqichi yo`llanmasini qo`lga kiritdi.
OChL «E» guruhi 6-tur bahslaridan o`rin olgan Toshkentning «Bunyodkor» va Janubiy Koreyaning «Poxang Stilerz» jamoalari o`rtasidagi uchrashuv 1:0 hisobida maydon egalari foydasiga hal bo`ldi. Uchrashuv 16 may, chorshanba kuni Toshkentdagi «Jar» stadionida bo`lib o`tdi.
O`yin taqdirini hal qilgan yagona gol 48-daqiqada «Poxang» darvozasidan o`rin oldi. «Bunyodkor» qanot himoyachisi Akmal Shorahmedov o`ng qanotdan jarima maydonchasiga kirib bordi va to`pni yarimhimoyachi Yan Kozakka uzatdi. Toshkentliklarning slovakiyalik tajribali futbolchisi esa o`ng qanotdan ochilib kelayotgan G`ofurovga aniq pas oshirdi. Anvar esa boshi bilan uzoq burchakni aniq nishonga oldi — 1:0 va ushbu hisob o`yin oxiriga qadar o`zgarmadi. Ta`kidlash joiz, «Bunyodkor» «Poxang»ga qarshi Janubiy Koreyada bo`lib o`tgan uchrashuvda ham g`alaba qozongan edi.
Guruhning ikkinchi uchrashuvida Avstraliyaning «Adelaida Yunayted» klubi safarda Yaponiyaning «Gamba Osaka» klubini 2:0 hisobida mag`lubiyatga uchratdi. Ushbu natijadan so`ng Adelaida klubi hisobida 16 ochko bilan guruhda birinchi o`rinni egallagan bo`lsa, «Poxang» ustidan qozonilgan g`alabadan so`ng o`z ochkolari sonini 10taga etkazgan Mirjalol Qosimov shogirdlari ikkinchi o`ringa ko`tarilishdi hamda nimchorak finalda to`p surish huquqini qo`lga kiritishdi.
Osiyo Chempionlar Ligasida 2008 yildan beri ishtirok etib keladigan «Bunyodkor» har safar guruhdan keyingi bosqichga chiqish vazifasini uddalay olgan. Jamoa 2008 yilgi mavsumda yarim final, 2009 yilgi mavsumda esa chorak finalga qadar etib borgan. 2010 va 2011 yilgi mavsumlarda esa jamoa nimchorak finalda kurashni to`xtatishga majbur bo`lgandi. Bu safar Toshkent klubida Janubiy Koreyaning «Syongnam Ilva» klubi raqiblik qiladi. O`yin 29 may kuni Janubiy Koreyada bo`lib o`tadi.
16 may kuni, shuningdek, OChLda O`zbekiston klublari ishtirokida yana ikkita o`yin bo`lib o`tadi. Qarshining «Nasaf» jamoasi 19:30da Tehronning «Istiqlol» jamoasiga qarshi o`yinni boshlasa, 20:20da BAAning «Baniyas» hamda Toshkentning «Paxtakor» jamoalari o`rtasidagi bahs start oladi. Har ikkala o`yin ham «Sport» telekanali orqali to`g`ridan-to`g`ri namoyish etiladi.
OChL-2012, «E» guruhi, 6-tur uchrashuvi
16 may, chorshanba
«BUNYoDKOR» (O`zbekiston) – «POXANG STILERZ» (Janubiy Koreya) 1:0 (0:0)
Gol: Anvar G`ofurov (48).