«Nasaf»ning OChLdagi so`nggi o`yini yaponiyalik hakam boshqaradi

Yaponiyalik Minoru Tojo boshqargan uchrashuda «Istiqlol» g`alaba qozonmagan.

OChL «A» guruhi 6-turidan o`rin olgan va 16 may, chorshanba kuni Qarshida bo`lib o`tadigan «Nasaf» – «Istiqlol» (Eron) uchrashuvini Minoru Tojo boshchiligidagi xalqaro hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Unga qanotlarda vatandoshi Akane Yage hamda kuvaytlik Murod Yosir yordam bersa, turkmanistonlik Berdimurod Niyozdurdiev zaxira hakami sifatida qayd etilgan.

Minoru Tojo 2012 yilgi Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichi doirasida ikkita uchrashuvda hakamlik qilgan. 1-turdan o`rin olgan «V» guruhidagi «Al-Ittihod» (Saudiya Arabistoni) – «Paxtakor» uchrashuvida toshkentliklar 0:4 hisobida mag`lubiyatga uchragan bo`lishsa, «S» guruhi 3-turidan o`rin olgan «An-Nasr» (BAA) – «Al-Ahli» (Saudiya Arabistoni) uchrashuvida mehmonlar 2:1 hisobida g`alaba qozonishgan.

Minoru Tojo bundan avval ham o`zbek klublari ishtirokidagi o`yinlarni boshqargan. Jumladan, aynan shu yaponiyalik hakam boshqargan 2011 yilgi, guruh bosqichidagi «An-Nasr» (Saudiya Arabistoni)ga qarshi Toshkentdagi uchrashuvda «Paxtakor» 2:2 hisobida durang o`ynagan bo`lsa, bundan bir mavsum avval (2010 yilda), «Paxtakor» o`z maydonida Saudiyaning boshqa bir klubi – «Ash-Shabob»ga 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergan.

2009 yilgi mavsumda esa Toshkentning «Bunyodkor» klubi «Jar» stadioni, Minoru Tojo boshqarib borgan uchrashuvda, Eronning «Sepohon» jamoasi bilan 2:2 hisobida durang o`ynagan. Qayd etish joiz, OFK Chempionlar Ligasi o`yinlarini 2009 yildan boshlab boshqarishni boshlagan 35 yoshli Minoru Tojo o`tgan davr mobaynida Tehronning «Istiqlol» klubi ishtirokidagi bitta o`yinni boshqargan. 2010 yilgi mavsumda BAAning «Al-Jazira» klubi mehmoni bo`lgan forslar 1:2 hisobida imkoniyatni boy berishgan.

Agar «A» guruhi 6-tur uchrashuvida «Istiqlol» — Qarshidan mag`lubiyatga uchramasa hamda parallel o`tadigan guruhning ikkinchi uchrashuvida Qatarning «Ar-Rayyan» jamoasi BAAning «Al-Jazira» jamoasini mag`lubiyatga uchrata olmasa — keyingi bosqich yo`llanmasini qo`lga kiritadi. «Nasaf» esa 4-turdan so`ng keyingi bosqich yo`llanmasi uchun kurashdan chiqqan edi.

OChL, «A» guruhi, 6-tur uchrashuvi
16 may, chorshanba
«NASAF» (O`zbekiston) – «ISTIQLOL» (Eron)
Bosh hakam:
Minoru Tojo (Yaponiya).
Yon qanot hakamlari: Akani Yage (Yaponiya), Murod Yosir (Kuvayt).
Zaxira hakami: Berdimurod Niyozdurdiev (Turkmaniston).
Nazoratchi: Muhammad Hamad Alsovil (Saudiya Arabistoni).
Komissar: Kemel Tokabaev (Qirg`iziston).

Ma`lumot uchun:
- «Nasaf»ning so`nggi o`yini, «A» guruhidagi vaziyat va o`yinlar taqvimi

mib
uzcard
cola
apex
bmb