«Baniyas» – «Paxtakor» uchrashuvida singapurlik hakamlar

«Paxtakor»ning guruh bosqichidagi uchrashuvini singapurlik hakamlar boshqarib borishadi.

OChL «V» guruhi 6-turidan o`rin olgan, 16 may kuni Abu-Dabidagi «Baniyas» stadionida bo`lib o`tadigan «Baniyas» (BAA) – «Paxtakor» uchrashuvini singapurlik hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Bosh hakam Abdulmalik Bin Abdulbashirga qanotlarda Goh Gek Pheng Jeffri va Tang Yiyu Mun yordam bersa, kuvaytlik Meshal al-Asusiy zaxira hakami sifatida ko`rsatilgan.

44 yoshli Abdulmalik Abdulbashir 2012 yilgi OChL doirasida ikkita o`yinni boshqardi. 7 mart kuni «D» guruhi 1-turi doirasida u boshqargan «Ash-Shabob» (BAA) – «Al-G`arafa» (Qatar) o`yinida hisob ochilmagan bo`lsa, 18 aprel kuni «S» guruhi 4-turi doirasida Dohada bo`lib o`tgan «Lahviya» (Qatar) – «Sepohon» (Eron) uchrashuvida maydon egalari 1:0 hisobida g`alaba qozonishgan.

O`tgan mavsumlarda Abdulmalik Abdulbashir o`zbek klublari ishtirokidagi bir qator o`yinlarni boshqargan. Xususan, 2008 yilgi mavsumda aynan singapurlik hakam boshqargan uchrashuvda «Bunyodkor» guruh bosqichida Suriyaning «Al-Ittihod» klubini 1:0 hisobida mag`lubiyatga uchratgan edi. 2009 yili u «Paxtakor» ishtirokidagi o`yinni ham boshqargan. 6 may kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida bo`lib o`tgan bahsda Zayniddin Tojiev hamda Aleksandr Geynrixning gollari «Paxtakor»ga BAAning «Al-Ahli» jamoasi ustidan 2:0 hisobidagi g`alabani keltirgan.

Abdulmalik Abdulbashir xalqaro faoliyatini 2002 yilda boshlagan bo`lib, faoliyatining eng cho`qqisi sifatida 2008 yili OChL final uchrashuvlaridan birini boshqarganini ko`rsatish mumkin. Shuningdek, u 2011 yilgi Osiyo Kubogi bahslariga ham jalb qilingan bo`lib, unda O`zbekiston milliy terma jamoasi ishtirokidagi ikki o`yinni boshqargan. Iordaniyaga qarshi chorak final o`yinida Abramov shogirdlari 2:1 hisobida g`alaba qozongan bo`lishsa, Janubiy Koreyaga qarshi 3-o`rin uchun bahsda 2:3 hisobida imkoniyatni boy berishgandi.

Eslatib o`tamiz, «Baniyas»ga qarshi uchrashuvda g`alaba qozonsa, «Paxtakor» keyingi bosqich yo`llanmasini qo`lga kiritadi.

OChL, «V» guruhi, 6-tur uchrashuvi
16 may, chorshanba
«BANIYaS» (BAA) – «PAXTAKOR» (O`zbekiston)
Bosh hakam:
Abdulmalik Bin Abdulbashir (Singapur).
Yon qanot hakamlari: Goh Gek Pheng Jeffri, Tang Yiyu Mun (ikkisi ham – Singapur).
Zaxira hakami: Meshal al-Asusiy (Kuvayt).
Nazoratchi: Obid al-Qodir A`lo (Iroq).
Komissar: Umid Jamoliy (Eron).

Ma`lumot uchun:
- «Paxtakor»ning so`nggi o`yini, «B» guruhidagi vaziyat va o`yinlar taqvimi

mib
uzcard
cola
apex
bmb