
Farg`onaning «Neftchi» klubi muddatidan avval OFK Kubogi nimchorak final yo`llanmasini qo`lga kiritdi.
OFK Kubogi «D» guruhi 5-turidan o`rin olgan Iordaniyaning «Al-Vihdat» jamoasiga qarshi uchrashuvda Farg`onaning «Neftchi» jamoasi 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Mahmud Shilbayahning dubli hamda Isa as-Sapahning bir goliga shu kuni Sergey Lebedev qo`l ostida to`p surgan farg`onalik futbolchilar Otabek Isroilovning bir goli bilan javob bera olishdi, xolos.
Guruhning ikkinchi uchrashuvida ham 3:1 hisobi qayd etildi. O`z maydonida Ummonning «Al-Oruba» jamoasini qabul qilgan Hindiston chempioni – «Salgokar» musobaqadagi ilk g`alabasini tantana qildi.
«D» guruhidan keyingi bosqichga yo`l olgan jamoalar nomi guruh bosqichi o`yinlari yakunlanishiga bir tur qolganida ma`lum bo`ldi. 5-tur uchrashuvlaridan so`ng Iordaniyaning «Al-Vihdat» klubi hisobida 12 ochko bo`lsa, «Neftchi»ning to`plagan ochkolari 8ta. 3 va 4-o`rinlarni band etgan «Al-Oruba» hamda «Salgokar» jamoalari hisobida 4 ochkodan bor. Bu ikki jamoa 2-o`rindagi «Neftchi»ga endi eta olmaydi, o`z navbatida, «Neftchi»ning o`zi guruhda birinchi bo`lib, nimchorak final uchrashuvini Farg`onada o`tkazish imkoniyatidan ham mahrum bo`lgan.
22-23 may kunlari bo`lib o`tadigan OFK Kubogi nimchorak final bosqichida «Neftchi» «V» guruhi g`olibiga qarshi maydonga tushadi. «V» guruhida, hozircha, Iroqning «Arbil», Kuvaytning «Kazma» hamda Yamanning «Al-Oruba» jamoalarida keyingi bosqich yo`llanmasini qo`lga kiritish imkoni bor. Guruhdagi 5-tur uchrashuvlari 25 aprel, chorshanba kuni bo`lib o`tadi.